“Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi ijodkorlari qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida o‘tkazilayotgan “Ko‘cha teatrlari xalqaro festivali”da dramaturg Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Maysaraning ishi” spektakli bilan ishtirok etmoqda.

Festivalda Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarining o‘n bitta teatri qatnashmoqda.

“Maysaraning ishi” spektaklini sahnalashtiruvchi rejissyor Ruslan Haydarov festival tashkilotchilariga spektakl xususida ma’lumot berdi. Jumladan, ushbu spektaklning o‘ziga xos jihati uni sahnada ham, ko‘cha tomoshasi sifatida ochiq maydonda ham tomoshabin e’tiboriga havola qilish mumkin. Vaqt nuqtai nazardan u tomoshabinni zeriktirmay, yaxlit g‘oyaviy yechimning mohiyatini anglashga undashini bildirdi.

“Diydor” teatr-studiyasining direktori Anvar Tolipov teatrning festivallarda ishtirok etishi ijodiy jarayonni rivojlantirishga keng yo‘l ochishini, turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga yordam berishini, o‘zbek teatr san’atini takomillashtirish va yangi g‘oyalarni sahnada tatbiq etish jarayonida madaniyat vazirligi doim innovatsion takliflarni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.

Aytish joizki, “Diydor” teatr-studiyasining spektakllari nainki mamlakatimiz, balki bir qator xorijlik san’at muxlislarining e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

N.Usmonova, O‘zA