Joriy yilning 29 sentyabr – 2 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida poytaxtning 10 ga yaqin kinoteatrlarida xorijiy filmlar namoyishi bo‘lib o‘tadi.

Toshkent xalqaro kinofestivali matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “Parus Cinema”,” Riviera Cinema”,  “Next Cinema”,” Compass Cinema”, “Aziya Cinema” kabi kinoteatrlarda namoyishi belgilangan 50 dan ortiq xorijiy filmlar o‘zbek va ingliz tillaridagi subtitrlar bilan ko‘rsatiladi.

Kirish bepul, joylar soni cheklangan!

Filmlar ro‘yxati va namoyish vaqti bilan quyidagi havola orqali tanishing 👉  AFISHA

Xususan, ular orasida «Sargardon zamin 2» (Xitoy), «Ingliz tili darsi» (Janubiy Koreya), «Mening jinim» (Qozog‘iston), «Fir’avn, yirtqich va malika» (Fransiya), “Sadoqatli Hasan” (Turkiya), “G‘oliblar” (Buyuk Britaniya), “Skarlett” (Italiya), “Opa-singillar” (Latviya) kabi mashhur kinokartinalar namoyish etiladi.

Ma’lumot o‘rnida, kinofestival doirasida Yevropa ittifoqi davlatlari film festivali, shu bilan birga, Turkiy davlatlar va MDH davlatlari kinoforumi ham tashkil etiladi. Bundan tashqari, kinofestival dasturidan “O‘zbek dublyaji 85 yoshda”, “Kino 5 kunda” tanlovi, o‘zbek kinosining 115 yilligiga bag‘ishlangan milliy tadbirlar, Italiya filmlarida kiyilgan kostyumlar ko‘rgazmasi, kinoteatrlarda xorij kino kunlari, seminar-treninglar, mahorat darslari, taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, retrospektiv kinonamoyishlar o‘rin olgan.

O‘zA.