Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy tug‘ilgan kunining 1050 yilligiga bag‘ishlangan “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari Beruniy tumanida tantanali kutib olindi.

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Fanlar akademiyasi, YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Vazirlar Kengashi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Misr, Turkiya, Hindiston, Eron, Ozarbayjon, Tojikiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Xitoy, Shvetsiya, Rossiya Federatsiyasi, Afg‘oniston kabi davlatlardan ham olimlar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Beruniyning ramziy qabrini ziyorat qilib, o‘tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi. Yaxshi niyatlar bilan daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi.  Mehmonlar tuman markazidagi olim monumentiga ham tashrif buyurdi. Tuman markazidagi Madaniyat saroyida olim hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan kitoblar hamda rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shundan so‘ng “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.

Tadbir ishtirokchilarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev qutlab, mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning ibratli hayot yo‘li, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga, o‘tkazilayotgan anjumanning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Shundan so‘ng “Markaziy Osiyo allomalari jahon sivilizatsiyasida: Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosi”, “Abu Rayhon Beruniyning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi”, “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahonshumul ahamiyati” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda Beruniyning ilmiy ijodini yanada chuqur o‘rganish, bu borada dunyo olimlari bilan hamkorlikda ish yuritish borasida katta amaliy ishlar bajarilmoqda. Joriy yilning 25 avgustida davlatimiz rahbarining “Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarorining e’lon qilinishi jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro darajada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, sun’iy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni rag‘batlantirish, O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Beruniy ijodi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyoda keng tadqiq qilinishining o‘zi buyuk olimning ilm sohasidagi o‘rganishlari va asarlarining keng qamrovli ekanligini ko‘rsatadi. Beruniyshunos olimlar tomonidan olib borilgan izlanishlar va o‘rganishlar natijasida qomusiy olimning o‘rganmagan sohasi kam ekanligini ko‘rish mumkin. Bundan 10 asr muqaddam yozib qoldirgan va tarix varaqlarida muhrlangan asarlar bugungi ilm-fanning buyuk yutuqlariga  asos bo‘lmoqda.

Tuman markazidagi Amfiteatrda olim tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan gala konsert bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda ilmiy-ma’rifiy tadbirlar ishtirokchilari Xorazm viloyatiga jo‘nab ketdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA