“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tuman bo‘linmasi tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Hashar – elga yarashar” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.

Mazkur tanlov “Mahallalarda obodlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholining tibbiy va ekologik madaniyatini oshirish” mavzusidagi “Obod mahallam” nomli grant loyihasi doirasida “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti, tuman ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Aholi, ayniqsa, yoshlarni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, tabiiy resurslarni tejashga da’vat qilish, ularning ekologiyaga oid bilimlarini oshirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda 10 ta maktabdan  31 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Insholar tanlovining yakunida tumandagi 28-sonli umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Iroda Ozodboyeva “Mavzuga oid ravon fikrlari uchun” birinchi o‘ringa, 32-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sabrina Tursunboyeva “Eng yaxshi ezgulik targ‘ibotchiligi uchun” ikkinchi o‘ringa, 11-sonli umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Hakimbek Yo‘ldoshev “Shaxsiy fikrini ravon bayon qilgani uchun” uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.

Tanlov g‘oliblari va faol ishtirokchilar “Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman bo‘linmasi tomonidan tayyorlangan faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA