O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi delegatsiyasi BMTning Taraqqiyot dasturi ko‘magida Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi.

Koreyaning korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari komissiyasi (ASRS) vakillari bilan uchrashuvda “Shaffof portal” (“Clean Portal”) platformasining ilg‘or yutuqlarini O‘zbekistonda fuqarolarning korrupsiya faktlari to‘g‘risida tezkor xabardor qilish imkonini beruvchi “EAnticor.uz” platformasiga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, platformaga kiruvchilar korrupsiya hamda jamoatchilik manfaatlariga zarar yetkazuvchi holatlar to‘g‘risida onlayn murojaat qoldirishi mumkin. Murojaatchi o‘zi uchun kompensatsiya (rag‘batlantirish) va himoya so‘ray oladi.  Raqamli tizim murojaatchining shaxsiy ma’lumotlarini sir tutgan holda ishonchli shaxslar orqali qabul qiladi.

Muloqotlar mobaynida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida Komissiya va Agentlik o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Delegatsiya vakillari Korrupsiyaga qarshi kurashish trening institutida bo‘lib,  davlat xizmatchilari hamda jamoatchilik vakillarini korrupsiyaga qarshi o‘qitish tizimi bilan yaqindan tanishdi.

Aytish joizki, O‘zbekiston KOICA bilan “Country partnership strategy” davlat bilan hamkorlik strategiyasi asosida ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvi kabi yo‘nalishlarda bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

KOICA rahbariyati bilan uchrashuvda Agentlik vakillari tomonidan  o‘tkazilgan taqdimotda  O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlar jarayonida Koreya tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilgan shu kabi tashabbuslar va ularning natijalariga alohida urg‘u berildi.

KOICAning strategik hamkorlik bo‘yicha bosh direktori Sыn Xun Kan Koreya va O‘zbekiston o‘rtasida strategik hamkorlik va uning samaralarini e’tirof etgan holda bu kabi hamkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

BMT Taraqqiyot dasturining Seuldagi vakolatxonasi  rahbari Enn Yupnerning fikricha, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish bo‘yicha natijalar boshqa davlatlar uchun ijobiy tajriba bo‘la oladi.

Vakolatxona vakillari bilan uchrashuvda Koreya bilan sohadagi o‘zaro hamkorlikning shu kabi samaralari muhokama qilinib, kelgusidagi hamkorlik rejalari belgilab olindi.

 

N. Abduraimova, O‘zA