Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Muhtaram faxriylar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun jonajon Vatanimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 73 yilligi keng nishonlanmoqda.
Ana shu qutlug‘ ayyom bilan sizlarni, sizlar orqali ko‘p millatli butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Siz, azizlarni biz fashizmga qarshi mardona kurashgan, buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan, Vatanimizning haqiqiy qahramonlari, deb bilamiz va sizlar bilan cheksiz faxrlanamiz.
Sizlarning bugun oramizda mana shunday nuroniy bo‘lib, duogo‘y bo‘lib yurishlaringiz biz uchun, albatta, katta baxt, katta davlatdir.
Hammamizga ayonki, bu dunyoda tinchlik va omonlik, baxtu saodat barqaror bo‘lishi uchun inson o‘zini ayamasdan kurash olib borishi, fidokorona mehnat qilishi kerak. Sizlarning yuksak jasorat va matonatingiz, butun hayotingiz bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Bugun fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan minglab vatandoshlarimizning so‘nmas xotirasini yod etib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish – biz uchun ham qarz, ham farzdir.
Qonli jang maydonlarida mardlik ko‘rsatgan, front ortida mehnat qilib, bugun hayotimizga fayz bag‘ishlab yurgan muhtaram faxriylarimiz oldida barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz.
Ayni vaqtda mustaqil Vatanimiz ozodligi, el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan jasur harbiylarimizning nomlarini ham hurmat va ehtirom bilan esga olamiz. Ularning oila a’zolari, farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni o‘zimizning muqaddas burchimiz, deb bilamiz.
Aziz va muhtaram do‘stlar!
Ikkinchi jahon urushi haqiqatan ham insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lgan edi. Bu urush xalqimiz boshiga qanday og‘ir azob-uqubat va talafotlar, behisob qurbonlar keltirganini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi.
Albatta, bu haqda juda ko‘p gapirish mumkin. Ruxsatingiz bilan, men, takror bo‘lsa ham, faqat ba’zi misollarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1 million 500 mingdan ziyodi frontga safarbar etilgan. Bu o‘sha paytdagi xalqimizning 22 foizini, mehnatga yaroqli aholining esa 40-42 foizini tashkil etardi.
Mehribon ota-onasini, aziz farzandlari, tabarruk ona yurt tuprog‘ini himoya qilishga otlangan bu botir insonlar kechayu kunduz qon kechib, Moskvadan to Berlingacha bo‘lgan olovli yo‘llarni qahramonlarcha bosib o‘tdilar.
Urushda o‘zbekistonlik jangchilardan 500 mingdan ko‘prog‘i – frontga safarbar etilganlarning har uchtasidan biri halok bo‘ldi, 60 mingdan ortiq hamyurtimiz nogiron bo‘lib qaytdi.
Bu yovuz urush tufayli qancha-qancha oilalar o‘z boquvchisidan ajraldi, go‘daklar yetim, ayollar beva bo‘lib qoldi. O‘z jigarbandidan judo bo‘lgan ming-minglab onalar qalbidagi alam va iztirobni ifoda etishga so‘z ojiz.
El-yurtimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida gapirar ekanmiz, quyidagi raqamlarga alohida to‘xtalish o‘rinli, deb o‘ylayman. Urushda qatnashgan 120 mingdan ortiq O‘zbekiston farzandi jangovar orden va medallarga sazovor bo‘lgan. Ularning 280 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan, 82 nafari esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan.
Urush yillarida O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. Yurtimizdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirildi, barcha imkoniyatlar front uchun, g‘alaba uchun safarbar etildi.
O‘lkamizga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni ishga tushirishda ishchi va muhandislar bilan birga ayollar va keksalar, o‘spirin bolalar mardlik va matonat bilan mehnat qildilar.
Urush davrida xalqimiz tomonidan frontga 2 mingdan ziyod samolyot, ko‘plab qurol-yarog‘, yuzlab harbiy-sanitariya poyezdlari, dala oshxonalari, palatkalar, juda katta miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berildi.
O‘zbekiston mehnatkashlari to‘plagan mablag‘lar hisobidan o‘nlab harbiy samolyot va tanklar, jangovar mashinalar barpo etildi.
1941-1945 yillarda mamlakatimiz sobiq Ittifoq miqyosidagi ulkan gospitalga aylandi. Bu yerda ming-minglab jangchilar davolanib, urush va mehnat frontlariga qaytdilar.
O‘sha suronli yillar haqidagapirganda, xalqimizning olijanob gumanistik fazilatlari to‘g‘risida har qancha faxrlanib, g‘ururlanib so‘z yuritsak, arziydi, albatta.
O‘zbekiston urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan, front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan qariyb 1 million kishini o‘z yaqinlaridek kutib oldi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Yuzlab o‘zbek oilalari evakuatsiya qilingan yetim bolalarni o‘z tarbiyasiga oldi. Oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rdi.
Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov xonadoni ana shunday oilalardan biri edi.
Bahri aya va Shoahmad ota 14 nafar och-yupun, yetim bolani o‘z tarbiyasiga olib, ularga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatdilar.
Xalqimizga xos ana shunday buyuk insonparvarlik yuksak ma’naviy jasorat namunasi sifatida butun dunyoda e’tirof etildi.
Keyingi paytda jamoatchiligimiz tomonidan bildirilgan ko‘plab murojaatlarni hisobga olib, biz Shoahmad Shomahmudov oilasiga qo‘yilgan haykalni Toshkent shahri markazidagi avvalgi joyiga qaytarishga qaror qildik.
Ushbu yodgorlik yonida joylashgan markaziy ko‘chalardan biriga Shoahmad Shomahmudov nomi berildi. Shuningdek, haykal o‘rnatilgan maydon, shu hududdagi metro stansiyasi, san’at saroyining “Xalqlar do‘stligi” degan avvalgi nomi qayta tiklandi.
Albatta, bunday qaror chuqur asosga ega. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari do‘stlik, o‘zaro hurmat muhitida tinch-totuv yashamoqda.
Ishonchim komil, O‘zbekiston poytaxti markazida qayta tiklangan majmua azaldan xalqimizga xos bo‘lgan, tobora mustahkamlanib borayotgan bag‘rikenglik va hamjihatlik, saxovat va olijanoblik fazilatlarining yorqin timsoli bo‘lib qoladi.
Aziz do‘stlar!
Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ko‘rsatgan mardlik va olijanoblik haqida ko‘plab ilmiy va badiiy asarlar yaratilganini, albatta, minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.
Shu bilan birga, el-yurtimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi hali to‘la ochib berilmagan, desak, bu ham adolatdan bo‘ladi.
Bugungi fursatdan foydalanib, men tarixchi olimlarimizga, adabiyot va san’at arboblariga, keng jamoatchiligimizga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman. Bu dahshatli urushda qatnashgan ota-bobolarimizning qahramonligi haqida yangi-yangi asarlar yaratish, jumladan, aniq tarixiy hujjatlar asosida mukammal kitob-albom tayyorlab, nashr etishning, o‘ylaymanki, vaqti soati keldi.
Haqiqatan ham, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimiz fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlarimiz ko‘rsatgan mardlik va matonatni aslo yodidan chiqarmasligi kerak. Bu tarixiy haqiqatni ularga to‘la yetkazish, farzandlarimizni milliy g‘urur va iftixor ruhida, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda barcha mutasaddi tashkilotlar, olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz faol ishtirok etadilar, deb ishonaman.
Qadrli yurtdoshlar!
Bugun azim poytaxtimiz Toshkent shahrida, barcha viloyat va tumanlarda el-yurtimiz Xotira maydonlarini ziyorat qilib, urushda halok bo‘lgan vatandoshlarimizni yod etmoqda. Muhtaram faxriylarimiz bilan samimiy uchrashuvlar o‘tkazilib, ularga mukofotlar, esdalik sovg‘alari topshirilmoqda.
Hammamiz yaxshi tushunamiz, keksalarimiz, mo‘tabar otaxon va onaxonlarimizni rozi qilsak, butun xalqimiz, jamiyatimiz bizdan rozi bo‘ladi. Ularning tabarruk duolari – bu, avvalo, el-yurtimizning duosi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu munosabat bilan ta’kidlab aytmoqchiman – keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning ijtimoiy ta’minoti, tibbiy xizmatdan foydalanishi, maishiy sharoitlarini yaxshilash, hurmatli faxriylarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, e’zozlash va ardoqlash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi.
Albatta, mana shu qutlug‘ bayram kunlarida, yam-yashil tabiat bag‘rida, musaffo osmon ostida turib, har birimiz tinch va ozod hayotning qadrini, ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Lekin, ming afsuski, dunyoning turli mintaqalarida keskinlik o‘choqlari ko‘payib bormoqda. Bu ham ayni haqiqat. Shunday murakkab davrda tinchlik uchun kurash chindan ham eng dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Shuning uchun biz yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kuchaytirmoqdamiz. Ayniqsa, mintaqamizda do‘stlik va hamkorlik ruhini mustahkamlash bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum. Jumladan, jafokash Afg‘oniston zaminida salkam 40 yildan buyon davom etayotgan mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi tashabbuslarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mintaqamizdagi tinchlik va taraqqiyot barchamizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimizga bog‘liq. Shu ma’noda, bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishga intilayotgani g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Ayni paytda Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligini saqlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xatarlarga qarshi kurashish bosh vazifamiz bo‘lib qoladi. Bu borada Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirib, tinchlik va xavfsizlik yo‘lida olis va yaqin davlatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytiramiz.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekistonni xayrixohlik bilan qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, bugungi davramizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, barcha xorijiy mehmonlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz. Ularning mamlakatlari va xalqlariga o‘z nomimdan, el-yurtimiz nomidan tinchlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.
Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!
Siz, azizlarni qutlug‘ bayram – Xotira va qadrlash kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Dunyodagi eng katta baxt – farzandlar, nabiralarning baxtu kamolini ko‘rish barchangizga nasib etsin.
Yurtimiz tinch, xalqimizomon bo‘lsin!
Osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin!