O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turibdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi doirasida 18 sentyabr kuni o‘ziga ajratilgan qarorgohda Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel,  “GE HealthCare” kompaniyasining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi prezidenti va bosh ijrochi direktori Rob Uolton, “Oppenheimer” investitsiya kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jon Tonelli, “Cerberus” kompaniyasi vitse-prezidenti Brayan Xuk, “CNH” kompaniyasi vitse-prezidenti Stiv Naderni, “Cintana” kompaniyasi rahbari Duglas Bekker, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, “Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi, prezidenti va bosh ijrochi direktori Seyfi Gasemi va Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Sharl Mishel bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama munosabatlarda bugun g‘oyat yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Yevrokengash rahbarining O‘zbekistonga tashrifi, “YeI – Markaziy Osiyo” formatidagi sammitlar, O‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiya va iqtisodiy forumlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Yil boshidan buyon O‘zbekistonning YeI mamlakatlari bilan tovar aylanmasi hajmi 35 foizga oshdi, Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, muhim madaniy tadbirlar uyushtirilmoqda.

Uchrashuv chog‘ida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda qabul qilish, o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan, uzoq muddatli ikki tomonlama hujjatlarni qabul qilish orqali chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Yevrokengash Prezidenti Sharl Mishel Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda O‘zbekiston rahbari yetakchi rol o‘ynayotganini qayd etdi.

Samarali xalqaro transport yo‘laklarini, xususan, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, shu jumladan, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlar yuzasidan ham fikr almashildi.

Bo‘lajak ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

“GE HealthCare” kompaniyasining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi prezidenti va bosh ijrochi direktori Rob Uolton bilan uchrashuvda korporatsiyaning mamlakatimizda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi rejalari muhokama qilindi.

Dunyoning industrial giganti bo‘lgan “General Electric” korporatsiyasi strategik sheriklik doirasida O‘zbekiston korxonalari bilan investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish, jumladan, zamonaviy yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berish va ularni mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish niyatida.

“GE HealthCare” kompaniyasi prezidenti Rob Uolton sog‘liqni saqlash sohasida kardiograflar ishlab chiqarish, skrining va kardio axborot tizimi yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi. Bundan tashqari, investor O‘zbekistonda Milliy tibbiy ma’lumotlar arxivini yaratishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

1994 yilda “General Electric” tarkibida tashkil etilgan “GE HealthCare” bosh qarorgohi Chikagoda joylashgan tibbiy texnologiyalar sohasidagi transmilliy kompaniya. Korporatsiya aktivlari qariyb 28 milliard dollarni tashkil etadi.

“Oppenheimer” investitsiya kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jon Tonelli bilan uchrashuv ham samarali bo‘ldi.

Aktivlari qiymati 36 milliard dollar bo‘lgan ushbu yirik investitsiya bankining sarmoyasini jalb qilgan holda mamlakatimizda loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Jon Tonelli mamlakatimizda sanoat quvvatlarini tashkil etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan kelishuvlarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Birinchi bosqichda to‘qimachilik klasterlari, qurilish materiallari sanoati korxonalarini rivojlantirish, Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga investitsiya yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz ushbu rejalarni ma’qullab, mutasaddilarga tez fursatda amaliy ishlarni boshlashga topshiriq berdi.

“Cerberus” kompaniyasi vitse-prezidenti Brayan Xuk bilan uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Aktivlari qiymati 60 milliard dollardan ziyod bo‘lgan global investitsiya korporatsiyasi kommunikatsiyalar tarmog‘i, foydali qazilmalarni qazib chiqarish, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirishni rejalashtirgan.

Vitse-prezident Brayan Xuk ilk hamkorlik loyihalari joriy yilning oxiriga qadar boshlanishini  ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Aktivlari qiymati qariyb 50 milliard dollar bo‘lgan “CNH” transmilliy kompaniyasi qishloq xo‘jaligi mashinasozligida O‘zbekistonning strategik hamkoridir. Mashhur “Case” va “New Holland” brendlari ostida yo‘l qurish va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaradi.

Uchrashuvda vitse-prezident Stiv Naderni kompaniyaning tarmoqdagi bir qator sanoat korxonalarini xususiylashtirish va modernizatsiya qilish, kombayn va paxta yig‘ish mashinalarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, shu jumladan, yuqori quvvatli traktorlar ishlab chiqarish hamda lizing tuzilmalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy resurslar ajratish rejalarini bayon qildi.

Prezidentimiz kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

“Cintana” kompaniyasi Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning 30 mamlakatida faoliyat yuritadi, universitetlarda ta’lim sifatini oshirish bilan shug‘ullanadi.

“Cintana” asoschisi va raisi Duglas Bekker Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda mamlakatimizda Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish ustida ish olib bormoqda.

2024 yildan boshlab sog‘liqni saqlash, injiniring, arxitektura va dizayn kabi yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlashni boshlash ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu rejalarni ma’qullab, O‘zbekiston ta’lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashdi.

Tadbirda “GE HealthCare”, “Oppenheimer”, “Cerberus”, “CNH” va “Cintana” korporatsiyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston yetakchisi uchrashuv ishtirokchilarini Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi tashkil etilganining 30 yilligi bilan tabriklab, ushbu tuzilma ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Joriy yil 15 sentyabr kuni Vashington shahrida AQSHning 250 dan ortiq kompaniya va banklari vakillari ishtirokida o‘tgan qo‘shma biznes forumining samarali yakunlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Palata raisi Kerolin Lemm davlatimiz rahbariga Amerika biznesining mamlakatimizga qiziqishi va ishonchi oshishiga xizmat qilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini amalga oshirishdagi siyosiy yetakchiligi uchun minnatdorlik bildirdi. Keyingi bir necha yilda palata tarkibiga AQSHning yirik kompaniyalari kirgani, ularning umumiy soni 50 taga yetgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda AQSH biznesining mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish borasidagi aniq rejalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini qabul qilishga kelishib olindi.

“Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi, prezidenti va bosh ijrochi direktori Seyfi Gasemi bilan uchrashuvda AQSH Davlat kotibining energetika masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jeffri Payett ham ishtirok etdi.

AQSHning yetakchi kompaniyasi bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari, joriy loyihalarning borishi va istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalar ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda yurtimizda “Air Products” tomonidan “Uzbekistan GTL”da sanoat gazlarini qayta ishlash, “Navoiyazot” negizida sintez-gaz, kislorod va azot, suyultirilgan karbonat angidrid ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Keyingi ikki yilda ushbu loyihalarning davomi sifatida kompaniyaning 1 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jalb qilindi.

Suhbatda ko‘mirni gazlashtirish, texnik gazlar, vodorod va ammoniy ishlab chiqarish hamda achchiq gazlarni utilizatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi.

“Air Products” ekspertlari karbonsizlashtirish sohasida zarur normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishda ham qatnashadi.

Bundan tashqari, loyihalar portfelidan oziq-ovqat sanoatiga innovatsion ishlanmalarni joriy qilish o‘rin olgan.

Uchrashuv yakunida “Air Products” kompaniyasining O‘zbekiston uchun qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi investitsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar almashildi.

O‘zbekiston – AQSH ko‘p qirrali hamkorligini kengaytirishga qo‘shgan hissasi va mamlakatimizdagi ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Air Products” boshqaruvi raisi Seyfi Gasemiga yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva bilan uchrashuvda global iqtisodiy vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi. XVF bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, shu jumladan, joriy yil iyun oyida Samarqand shahrida o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda erishilgan kelishuvlardan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Fond rahbari O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturi natijalariga yuqori baho berdi hamda mamlakatimizdagi samarali yangilanishlarni ilgari surishda yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv chog‘ida XVFning yurtimiz moliya sohasi barqarorligini kompleks tahlil qilish, iqtisodiy siyosatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda konsalting ko‘magini ko‘rsatish hamda mamlakatimiz idoralari mutaxassislarining salohiyatini yuksaltirish dasturini amalga oshirishdagi ishtirokiga doir masalalar muhokama qilindi.

Amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.

Ochiq va jonli muloqot shaklida o‘tgan tadbirda davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida so‘zlab berdi, mamlakatimiz modernizatsiyasiga ko‘maklashishda vatandoshlarimizda ulkan salohiyat borligiga e’tibor qaratdi.

Vatandoshlar va ularni birlashtiruvchi tashkilotlar misli ko‘rilmagan yuqori darajaga chiqqan O‘zbekiston – AQSH hamkorligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning jamoat birlashmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, xorijda o‘zbek tili kurslarini tashkil etishga keng ko‘maklashish, vatandoshlar O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini ziyorat qilishi uchun maxsus turizm xizmatlari to‘plamlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

– Biz ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyotda olib borayotgan yangilanishlar natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his qilishi kerak. Sizlardek xorijda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirgan yuqori malakali mutaxassislar ham yurtimizga qaytib kelishi va butun salohiyati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ishtirok eta olishlari uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak, – dedi Prezidentimiz. – Bugun shu yerdagi har bir o‘zbekistonlikda kuchli Vatan hissi va uning rivojiga hissa qo‘shish ishtiyoqini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Sizlarni O‘zbekistonda kutib qolamiz.

Uchrashuv ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan tub va keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz farovonligini yanada oshirish, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.

Katta kompaniyalarda ishlayotgan va nufuzli oliy ta’lim dargohlarida o‘qiyotgan vatandoshlar o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Jamiyat hayoti va iqtisodiyotning turli masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Qaratilayotgan katta e’tibor uchun samimiy minnatdorlik bildirib, vatandoshlar O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘shishga tayyorligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifi davom etmoqda.

O‘zA