Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, universitetning professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar, partiya faollari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarni isloh etishga qaratilgan keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirilib, rahbar kadrlarni aholiga va har bir oilaga yanada yaqinlashtirish, ular boshqarayotgan tizimni chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish maqsadida kadrlar tayyorlashning zamonaviy mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonining mazmun-mohiyati, beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olganligi, Yangi O‘zbekiston keng iqtisodiy imkoniyatlar mamlakati ekanligi, Yangi O‘zbekistonni shakllantirish jarayonida mamlakatimiz yoshlarini yetuk, bilimdon qilib tarbiyalash va intellektual salohiyatini yuksaltirish, yurtimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘taradigan malakali kadrlar tayyorlash, xususan, talaba-yoshlarning puxta bilim olishi, o‘zi tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

– Partiyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan “Yangi avlod kadrlari” loyihasining asosiy maqsadi yosh istiqbolli kadrlarni aniqlash, malakasini oshirish, ularni hokimiyat organlariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda partiya tizimiga ishga jalb etish, yosh mutaxassislarning samarali faoliyat yuritishlariga ko‘maklashishga qaratilgan, – deydi O‘zLiDeP Nukus shahar Kengashi apparat rahbari Bahodir Adilchayev. – Qolaversa, har jihatdan yetuk va salohiyatli yoshlar zaxirasini shakllantirish, ularni rahbarlik vazifalariga tayyorlash va tavsiya etish ko‘zda tutilgan.

Davra suhbati davomida talabalarning mavzu doirasidagi ishlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalari tinglandi. Ularni qiziqtirgan savollarga partiyaning Respublika Kengashi mas’ullari atroflicha javoblar berdi. Tadbir davomida 10 nafar faol va tashabbuskor talabalar partiya kadrlar zaxirasiga olindi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri