Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanidagi “Biogumus” fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Niyazimbetov anchadan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanib keladi.

O’zLiDeP Nukus tuman kengashi apparat rahbari Q.Ismaylov yosh tadbirkor  Sherzod Niyazimbetov bilan yuzma-yuz partiyaning siyosiy kuch sifatida bugungi kundagi faoliyati, tadbirkor va ishbilarmonlar manfaatlariga uyg‘unligi bo‘yicha suhbatlashdi.  Qolaversa, mamlakatimizda keyingi yillarda  tadbirkorlar uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilganligi, ortiqcha tekshiruvlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarga barham berilganligi ta’kidlab o‘tildi.

Yosh tadbirkor  Sherzod Niyazimbetovning faoliyati pomidor yetishtirish, uni quritish va eksport qilishdan iborat. 2018 yildan beri mahsulotlarni Italiya, Fransiya, Isroil davlatlariga eksport qilish bilan shug‘ullanib keladi. 2022 yilda korxona O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Yilning eng yaxshi start-up loyihasi” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi.  Joriy yilda “YUKSALISH” umummilliy harakatining reyting natijalari bo‘yicha mamlakatimizdagi 35 ta eng yaxshi yosh tadbirkor ro‘yxatiga kiritildi hamda davlatimiz rahbari tomonidan   “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.

“Ilojsiz narsaning o‘zi yuq” iborasini  o‘ziga shior qilib olgan yosh tadbirkor partiya maqsad va vazifalariga xayrixohligini bildirdi va a’zolikka qabul qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri