Osiyo o‘yinlari boshlanishiga 15 kun qoldi. To‘rt yillikning “kichik olimpiadasi” hisoblangan mazkur kompleks musobaqalarda munosib natijalarga erishish mamlakatimiz sport jamoalarining eng asosiy vazifasi hisoblanadi.
Prezidentimiz 2022 yil 5 mayda imzolagan “2023 yilda Xanchjou shahri (Xitoy)da bo‘lib o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlari va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori asosida terma jamoalarning qit’a o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishi borasida zarur shart-sharoitlar yaratib berildi.
Ma’lumki, mazkur qit’a o‘yinlarida 400 nafardan ziyod sportchi 39 sport turi bo‘yicha Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Bugungi kunda terma jamoalar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning so‘nggi o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.
Kuni kecha Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” sport bazasi, Chirchiq shahridagi og‘ir atletika majmuasida bo‘lib, kurash va og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari, murabbiylar, ularning tibbiy holatini nazorat etib borayotgan shifokorlar, diyetologlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
Og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev, kurash bo‘yicha milliy terma jamoa murabbiylari Rizamat Soliyev, Dilfuza Rahmatova, Olim Ravshanov mashg‘ulotlarning borishi, har bir sportchining ruhiy va jismoniy holati, bajarilayotgan texnik-taktik usullar, raqiblarni o‘rganish kabi holatlar bo‘yicha axborot berdi.
Shuningdek, terma jamoa shifokor va diyetologlari sportchilar qabul qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini nazorat qilib borilayotganini aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, mutasaddilar qit’a o‘yinlarining ahamiyati, har bir bahs final darajasida muhim ekani, davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportga, sportchilarga berilayotgan e’tiborga munosib bo‘lish, xalqimiz ishonchini oqlash zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, XIX Osiyo o‘yinlari 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda 45 ga yaqin davlat sportchilari 40 sport turining 61 yo‘nalishida 483 medal jamlanmasi uchun kechadigan bellashuvlarda ishtirok etadi.
T. Ro‘ziyev. O‘zA