Osiyo chempionlar ligasi “Ye” guruhi birinchi turidan o‘rin olgan “Persepolis” (Eron) hamda “An – Nasr” (Saudiya Arabistoni) jamoalari o‘rtasidagi bahsni Ilgiz Tantashev boshchiligidagi o‘zbekistonlik hakamlar jamoasi boshqarib boradi.
Bu haqda Osiyo futbol konfederatsiyasi xabar tarqatdi.
Dunyo futbolida bir qator yutuqlarga erishgan Krishtianu Ronaldu maydonga tushadigan “Persepolis”-“An – Nasr” uchrashuvida qanotlarda FIFA tasnifiga ega hakamlarimiz Andrey Sapenko hamda Timur Gaynullin harakatlanadi.
Shuningdek, zaxira hakami vazifasini yana bir hamyurtimiz FIFA hakami Ahrol Risqullayev bajaradi.
Osiyo chempionlar ligasida mamlakatimiz futbol hakamlari faoliyatidagi yana bir e’tiborli jihat – ilk bor o‘zbek referisi VARda ishlaydi.
OFK VAR kursini muvaffaqiyatli yakunlagan Firdavs Norsafarov aynan Ronaldu maydonga tushadigan bahsda AVAR sifatida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, VAR kursini muvaffaqiyatli yakunlagan yana bir hamyurtimiz, tajribali futbol mutaxassisi Abdurashid Xudoyberganov “Lion Siti” (Cingapur) – “Bangkok Yunayted” (Tailand) bahsida AVAR vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionlar ligasining ushbu o‘yinlari 19 – 20 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev. O‘zA