FOTOREPORTAJ

Nukus shahridagi markaziy maydonda 4sentyabr – Butunjahon taekvondo kuni munosabati bilan taekvondo festivali tashkil etildi. Unda Xo‘jayli, Taxiatosh va Nukus tumanlaridan tashrif buyurgan 500 ga yaqin yosh va iqtidorli sportchilar hamda murabbiylar ishtirok etdi.

Festivalning ochilish marosimida so‘nggi yillarda mamlakatimizda sportni rivojlantirishga, shu o‘rinda taekvondo (WT) sportining yoshlar orasida keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.

Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 29 iyuldagi “Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ushbu sport turini  aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan taekvondo (WT) sport to‘garaklarida 50 yaqin malakali murabbiy qo‘l ostida bugun jami  1500 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz mahorat oshirmoqda. O‘tgan 2022/2023 o‘quv yilida yosh taekvondochilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi birinchiligi, O‘zbekiston chempionati va xalqaro musobaqalarda jami 120 dan ortiq oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Festival tajribali murabbiy va sportchilar ishtirokidagi mashg‘ulotlar va taekvando jang san’atiga bog‘liq ko‘rgazmali chiqishlar bilan davom etdi.

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA