Nukus shahridagi «Nao‘qan bag‘» mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlik va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘zini o‘zi band qilgan aholi vakillari safi kengayib bormoqda.

Ulardan biri Saqbergen Yesbergenov uzoq yillardan beri temirchilik bilan shug‘ullanadi. Xonadoni yonidagi mo‘’jazgina ustaxonada erta tongdan kechga qadar ish to‘xtamaydi. Qo‘shni mahallalar, uzoq ovullardan ham ustaning ta’rifini eshitib, temirchilik buyumlarini yasatish uchun tashrif buyuruvchilarning qadami uzilmaydi. Saqbergen og‘aning turmush o‘rtog‘i Farida opa esa qo‘li go‘l chevar. U asosan milliy uslubda quroq ko‘rpachalar tikish bilan band.

Shunisi aniqki, Saqbergen og‘aning xonadonidagi fayzu baraka, ro‘zg‘orning to‘kinligi – bari-barisi hunar ortidandir. Dono xalqimiz aytganidek, hunari borning baxti bor.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA