Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tashabbusi bilan ilk marotaba xayriya auksioni o‘tkazildi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad Nukus “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida yashovchi imkoniyati cheklangan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Internat uyidagi ixtisoslashgan davolanishga va doimiy tibbiy nazoratga muhtoj ayollarning har birining sevimli mashg‘uloti bor. Biri rasm chizsa, boshqasi matolarga surat solib, so‘zanalar tikadi, ayrimlari gul o‘stiradi. Auksionga “Muruvvat” uyida yashovchi ayollarning mahorati bilan yaratilgan hunarmandlik buyumlari, to‘qimachilik hamda tikuv-trikotaj mahsulotlari, plastik buyumlardan ishlangan 30 dan ziyod qo‘l mehnati namunalari qo‘yildi.
Shularning orasida murakkab uslubda ishlangan “Tovus” kompozitsiyasi eng yuqori narxda, ya’ni 1 million 650 ming so‘mga sotildi. Xayriya auksionidan tushgan mablag‘lar Nukus “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi maxsus hisob raqamiga o‘tkazib berildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri