Fransiya poytaxti Parij shahrida taekvondo WT bo‘yicha gran – pri turnirining ilk kunida hamyurtimiz Ulug‘bek Rashitov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Ulug‘bek musobaqaning 68 kilogrammgacha vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qildi. U gran-prining 1/16 final bosqichida gabonlik Amir Sisse Mussani, nimchorak finalda chililik Ignasio Moralesni, chorak finalda xitoylik Yushuai Liangni, yarim finalda esa xorvatiyalik Marko Golubichni katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratib, final bosqichiga yo‘l oldi.
Turnirning hal qiluvchi final bosqichida U.Rashitov braziliyalik Edival Pontesga qarshi dayanga chiqib, raqibi ustidan hech qanday qiyinchiliksiz g‘alaba qozondi. Ushbu g‘alaba taekvondochimiz uchun oltin medal bilan birga Parij – 2024 Olimpiadasi reyting ochkosini ham qo‘lga kiritdi.
Shuni ta’kidlash lozimki, Ulug‘bek Rashitov ushbu natijasi orqali ketma-ket ikki gran – pri turnirida g‘alaba qozongan ilk o‘zbek taekvondochisiga aylandi. U Rim shahrida o‘tgan gran – pri musobaqasida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA