Maxsus laboratoriyalarda 3D formati asosida sun’iy go‘sht tayyorlash allaqachon boshlangan. Hozir dunyoda faqatgina Singapur va AQSHda sun’iy go‘sht sotuviga ruxsat berilgan xolos. Xo‘sh, ushbu laboratoriyalarda go‘sht qanday ishlab chiqariladi, bundan maqsad nima edi, uning mazasi tabiiy go‘shtga qanchalik o‘xshaydi? “Makon va zamon” dasturining bu galgi sonida bu haqda qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Zamonaviy iste’mol mahsulotlarini bir necha o‘n yil avval tasavvur qilib bo‘lmas edi. Olimlar va diyetologlar noodatiy usuldagi, ehtimol kelajakda normaga aylanadigan ozuqalarni yaratishda davom etmoqda.

Aslida sun’iy go‘sht fermer xo‘jaliklari mahsulotlarining o‘rnini bosuvchi va ekologiyani asrashga yordam beruvchi mahsulot sifatida taqdim etilmoqda. Laboratoriya iste’mol mahsulotiga o‘tish issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish va yovvoyi hayvonlarning keskin yo‘qolishiga chek qo‘yish imkonini beradi. Masalan, “Memphis meat” kompaniyasi og‘riqsiz biopsiya yordamida olingan hayvonlarning asos hujayralaridan tayyorlanuvchi sun’iy frikadelkalar ishlab chiqarmoqda. Biroq narxlar borasida ancha tafovutlar borligi uchun mahsulot hali ommalashmadi.

Olimlar laboratoriyada faqat go‘sht emas, balki dengiz mahsulotlarini ham yetishtirish mumkinligiga qaror qilishdi. Touro kollejining biologlar guruhi qoramolning embrional zardobiga tilla baliqning muskul to‘qimasini kiritib, baliq filesini olishdi. “New Wave Foods” kompaniyasi mutaxassislari esa suvo‘tlaridan krevetkalar yaratishdi. Kelajakda ishlab chiqaruvchilar sun’iy krab va lobsterni yaratishni rejalashtirmoqda.

Yaqinda Xitoyning Shanxay shahrida joylashgan “CellX” kompaniyasi sun’iy go‘sht ishlab chiqaruvchi tajriba zavodini ishga tushirdi. Ushbu yil oxirida mazkur kompaniya sun’iy go‘shtni sotishga ruxsat olish uchun AQSH va Singapurga murojaat qiladi. Chunki hozircha laboratoriyada yetishtirilgan mahsulotlarni faqat ushbu mamlakatlarda sotish tasdiqlangan. Ammo Xitoy kompaniyasi 2025-yilgacha xalqaro bozorga chiqishni rejalashtirmoqda. Korxonada 2 ming litr hajmli bioreaktor mavjud. Keyinchalik jihozlar sonini ko‘paytirish, mahsulot tannarxining yuqori sifatini saqlab qolgan holda narxni tushirish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, bunday sun’iy go‘shtning kilogrammi 100 dollardan ham arzonroq sotiladi. Biroq bu turdagi go‘shtni yetishtirishda bir qator qiyinchilik va kamchiliklar bor. Xususan, mamlakat oldida 1,5 milliardga yaqin aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun hayvon oqsili manbasini topish muammosi turibdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tovuq va chorva mollari metan chiqindilari, o‘rmonlarning kesilishi va suvdan foydalanish tufayli atrof-muhitga katta ta’sir ko‘rsatadi. Olimlarning qo‘shimcha qilishicha, iqlim inqirozidan chiqish uchun rivojlangan mamlakatlarda oddiy go‘sht iste’molini keskin kamaytirish kerak. Sun’iy go‘sht ham tabiiy go‘sht kabi bir xil ta’m bilan ta’minlashi mumkin, ammo atrof-muhitga ta’siri ancha past.

Ko‘rsatuvning to‘liq shaklini O‘zAning “YouTube” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

O‘.Alimov,

D.Yoqubov (video), O‘zA