O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 22-23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjonga davlat tashrifining ikkinchi kuni rafiqasi bilan birga Fuzuliy shahriga keldi.

Oliy martabali mehmonlarni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va rafiqasi kutib oldi.

Shahar buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Muhammad Fuzuliy sharafiga nomlangan. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarigacha Fuzuliy tumanida sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlangan. Bu yerda kutubxonalar, madaniyat uylari, muzeylar, teatrlar, bog‘lar va boshqa madaniy ob’ektlar faoliyat yuritgan.

O‘tgan qariyb 30 yilda Fuzuliy butkul vayron bo‘lib, “arvoh shahar”ga aylangan edi. Harbiy harakatlarga qadar bu yerda 18 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilgan.

2020 yilda qayta tiklash ishlari boshlangach, shaharga asta-sekin hayot qaytmoqda. Uy-joylar qurilib, ijtimoiy va transport infratuzilmasi bunyod etilmoqda.

Ushbu muhim va og‘ir pallada O‘zbekiston Ozarbayjon bilan birga. Zero, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning ildizlari uzoq o‘tmishga ega. Bizlarni bir din, til va an’analar, ma’naviy qadriyatlar va madaniyat mushtarakligi birlashtirib turadi.

Mustahkam do‘stlik va birodarlik ifodasi sifatida mamlakatimiz yetakchisi 2021 yil 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini qayta tiklashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidlagan edi.

Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezidentimiz tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional o‘quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o‘tkazish uchun joylar tashkil qilingan.

Yangi maktab xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, o‘sib kelayotgan ozarbayjonlik o‘g‘il-qizlarni O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlarimizning merosiga oshno qilishga xizmat qiladi.

Ikki mamlakat yetakchilari rafiqalari bilan birga ramziy tasmani kesib, maktabni tantanali ravishda ochdilar.

Prezidentlar o‘quv binolari va maktab hududi bilan tanishib, o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashdilar, ularga o‘qishda muvaffaqiyat tiladilar.

So‘ng davlat rahbarlari Fuzuliy shahrida barpo etilayotgan uy-joy majmuasiga tashrif buyurdilar. Prezidentlar majmuadagi xonadon egalari bilan uchrashdilar. Davlatimiz rahbari ularni yangi uyli bo‘lgani bilan tabrikladi.

Samimiy suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining mustahkam do‘stligi va qardoshlik aloqalari haqida so‘z bordi.

Mamlakatimiz yetakchisi Fuzuliyda hayot barqaror holatga qaytayotganidan mamnunligini bildirdi. Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabog‘ni qayta tiklash va rivojlantirish, aholining farovon turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholadi. Ozarbayjon xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Davlat rahbarlari yangi xonadonlarni kirib ko‘rdilar. So‘ng yetakchilar balandlikdan turib vayronagarchilik oqibatlarini va qurilish jarayonini kuzatdilar. Prezidentimizga Fuzuliy shahrini qayta tiklash rejalari haqida ma’lumot berildi.

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va rafiqasi hamrohligida Shusha shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar.

Shusha “Qorabog‘ durdonasi”, “Kavkaz san’ati markazi” va “Ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan ma’lum. Shahar bir qator taniqli fan, madaniyat va san’at arboblari vatanidir.

2021 yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hisoblanadi, 2023 yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb e’lon qilingan.

Joriy yilda Xiva shahri va Shusha shahri o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatildi.

Oliy martabali mehmonlar shahar bilan tanishuvni 1883 yilda barpo etilgan Soatli masjididan boshladilar.

So‘ng Ozarbayjon umummilliy yetakchisining yuz yillik yubileyiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Haydar Aliyev va Qorabog‘” fotoko‘rgazmasi bilan tanishildi.

Shushaning bosh maydoniga tashrif buyurildi. Bu yerda Ozarbayjon madaniyatining atoqli arboblari – Xurshidabonu Notavon, Bulbul, Uzeyir Xojibeyli byustlari o‘rnatilgan.

O‘zbekiston tomoni katta qiziqish bilan shahar aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlab kelgan “Xon qizi” bulog‘i, Ozarbayjonning taniqli san’at arbobi Bulbulning uy-muzeyi, “Mehmondorovlar uyi” me’moriy yodgorligi hamda o‘tmishda otchoparlar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilgan mashhur Jidir tekisligi bilan tanishdilar.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi  yakunlandi.

O‘zA