Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 avgust kuni rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Boku shahriga keldi.
Haydar Aliyev nomidagi aeroportda davlatimiz rahbarini Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon – tili, an’ana va urf-odatlari bir-biriga juda o‘xshash do‘st mamlakatlar. Bu do‘stlikning ildizlari esa uzoq tarixdan quvvat oladi.
“Avesto” kitobi ikki elning mushtarak yodgorligi sanaladi. O‘zbek va ozarning bayrami – Navro‘zi bir. Xalq og‘zaki ijodining nodir durdonalari – “Go‘ro‘g‘li”, “Oshiq G‘arib”, “Dada Qo‘rqut” dostonlari esa azaliy qardoshlikning ildizlari haqida yanada teran so‘zlaydi. Ularning san’ati, musiqasi hamohang. Shu jihatdan ham bu ikki xalq vakili so‘zlashganda tilmochga o‘rin qolmaydi.
Keyingi yillarda bu azaliy birodarlik, o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki mamlakat Prezidentlarining siyosiy irodasi, uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosati, hech mubolag‘asiz, do‘stlik aloqalariga yangi ruh bag‘ishladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahriga kelgach, Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev mangu qo‘nim topgan Faxr xiyoboniga tashrif buyurdi.
Haydar Aliyevning mustaqil Ozarbayjonni barpo etish va mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari beqiyos. Mamlakatning jadal rivojlanish davri va xalqaro maydondagi nufuzining yuksalishi aynan uning ismi bilan bog‘liq.
Qardosh o‘zbek xalqi bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga doimo alohida e’tibor qaratgan Haydar Aliyevni yurtimizda yaxshi bilishadi. O‘zbekistonda uning yuz yillik yubileyi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan pochta markalari bosilgan, turli madaniy-ma’rifiy va ilmiy tadbirlar o‘tkazilgan edi.
Toshkentda Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi nomidagi ko‘cha, unga bag‘ishlangan xiyobon va yodgorlik ochilgan.
Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat va siyosat arbobi Haydar Aliyev qabriga gul qo‘yib, xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Boku shahridagi Shahidlar xiyoboniga bordi.
Ozarbayjon poytaxtining qoq markazida joylashgan ushbu yodgorlik majmuasida mamlakat ozodligi va hududiy yaxlitligi yo‘lida qurbon bo‘lgan yurt qahramonlari dafn etilgan.
O‘zbekiston yetakchisi yodgorlikka gulchambar qo‘yib, Ozarbayjon vatanparvarlari xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.
“Zug‘ulba” qarorgohida davlat tashrifi bilan Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasman kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev va rafiqasini Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va rafiqasi samimiy qarshi oldi.
Qarorgoh maydonida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Harbiy orkestr ijrosida ikki davlat madhiyalari yangradi.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidentiga tashrif bilan kelish taklifi hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Yetakchilar O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Parlamentlar, hukumatlar, hududlar, tashqi siyosiy va boshqa idoralar, tahliliy doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’atda oshib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.
Ozarbayjonda O‘zbekiston avtomobillarini yig‘ish, ipakchilik va to‘qimachilik klasterlari tashkil etilgani samarali hamkorlikka misol bo‘la oladi.
Tashrif arafasida o‘tkazilgan biznes-forum natijasida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining salmoqli to‘plami shakllantirildi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari energetika, mashinasozlik, metallurgiya, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalar, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida O‘zbekiston – Ozarbayjon investitsiya kompaniyasining samarali faoliyatini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘rta koridor orqali yuk tashishni ko‘paytirish, logistika va portlar infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, yangi kooperatsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va ilgari surish uchun ikki mamlakat hududlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etdilar.
Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim va fan sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari dini bir, qadriyatlari, an’analari, tili va madaniyati o‘xshash bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda eng yuksak darajaga ko‘tarilganini qayd etdi.
O‘zbekiston rahbari Ozarbayjon xalqini atoqli davlat arbobi, umummilliy yetakchi Haydar Aliyevning 100 yillik yubileyi bilan tabrikladi.
Prezidentlar kuni kecha ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida o‘tgan biznes-forum yakunlarini yuqori baholadilar.
Savdo va sanoat kooperatsiyasida jadal o‘sish kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqin yillarda uchinchi mamlakatlardan qimmat importning o‘rnini milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon va sifatli mahsulotlari bilan bosish orqali tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sanoat kooperatsiyasi xususida so‘z borar ekan, Prezidentlar energetika, metallurgiya, foydali qazilmalar, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy kelishuvlarga erishilganini olqishladilar. Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasining mablag‘larini faol o‘zlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, ularning sanoat salohiyatini hisobga olgan holda yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun hududiy ma’muriyatlar rahbarlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini va muntazam uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlandi.
Yetakchilar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik jihatdan muhimligini qayd etdilar.
O‘tgan yilda O‘zbekiston yuklarini Boku porti orqali tashish hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Mamlakatimiz bundan buyon ham Ozarbayjonning zamonaviy transport tarmog‘idan foydalanib, yuk tashishni ko‘paytirish niyatida.
Shu ma’noda, Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Boku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini barpo etish choralari muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi, shu jumladan, Madaniyat va kino kunlari, ijodiy va ilmiy ziyolilar, yoshlar tashkilotlarining uchrashuvlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Yig‘ilish davomida tashqi siyosiy idoralar rahbarlari, Hukumatlararo komissiya hamraislari, transport va energetika, qishloq xo‘jaligi va madaniyat vazirlarining muzokaralar kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Yakunda davlat rahbarlari qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini ta’sis etishga topshiriq berdilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.
Bundan tashqari, tashrif doirasida davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi.
2023-2024 yillarda har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, energetika sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida, yoshlarga oid siyosat va sport sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, Media sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” shular jumlasidan.
Bundan tashqari, Fuqarolarning vizasiz qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, “Ye-permit” ruxsatnoma blanklarini elektron almashish axborot tizimini joriy qilish, oila va bolalarni muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligi borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi hamda Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Ushbu hujjatlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning bir qator istiqbolli yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari har doimgidek samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.
– Saylovdan keyingi birinchi tashrifimni aynan Ozarbayjonga amalga oshirayotganim ramziy ma’noga ega. Bu ikki tomonlama hamorligimiz eng yuksak darajaga chiqqani, yaqinlashishga o‘zaro intilish borligi, sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doim qo‘llab-quvvatlab kelgani va bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi Qorabog‘da tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarining ko‘lami va sur’atini yuqori baholadi.
Muzokaralar natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ularda ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari muhokama qilindi.
– O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida hech qanday muammoli masalalar yo‘qligini ta’kidlash joiz. Biz qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida katta salohiyatdan samarali foydalanishning yangi imkoniyatlari va mexanizmlarini izlash dolzarb ekaniga urg‘u berdik, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston va Ozarbayjonning Oliy davlatlararo kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida ko‘p qirrali sheriklikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Davlat rahbarlari savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor berdilar. Avtomobilsozlik, metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, turizm va boshqa tarmoqlardagi yirik loyihalar muhokama qilindi.
Shuningdek, yangi logistika zanjirlarini rivojlantirish va infratuzilmani barpo etish, yuk tashish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning yana bir drayveri sifatida ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlari maksimal darajada ishga solinadi. Hokimlar, ma’muriyatlar rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalari va gumanitar almashinuvni ilgari surish uchun joylarda muntazam uchrashadilar.
Muzokaralarda madaniyat sohasidagi aloqalarga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqinda Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Ushbu tadbirlar doirasida Bokuda o‘zbek mumtoz adabiyotining buyuk vakili Abdulla Qodiriyning ozarbayjon tiliga tarjima qilingan “O‘tkan kunlar” romani taqdimot qilindi.
Madaniyat va kino kunlari, ijod va ilm-fan arboblarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazib boriladigan bo‘ldi. Joriy yilda O‘zbekistonda birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon yoshlar forumi tashkil etiladi.
Yetakchilar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, MDH, YeXHT, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa ko‘p tomonlama institutlar doirasida ham samarali muloqotni davom ettirishga ahdlashib oldilar.
– Bugungi muzokaralar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishimiz qat’iy ekanini yana bir bor namoyish etdi. Sa’y-harakatlarimiz aniq natijalarga qaratilgan, – dedi O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi davom etmoqda.
O‘zA