Ochiq muloqotda Prezident eksportni kengaytirish bo‘yicha yana bir katta imkoniyat – bu nufuzli xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb qilish ekanini ta’kidladi.

Yillik bozori 100 milliard dollardan oshadigan dunyoning eng mashhur 50 ta brendi korxonalarimiz bilan ishlashga katta qiziqish bildirmoqda. Ispaniya, Germaniya, Polsha, Turkiyaning yirik brendlari bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Ular mahalliy korxonalarimizga 3 milliard dollarlik buyurtma berishga hozirning o‘zida tayyor.

Buning 3 ta eng katta masala hal qilinadi. Jumladan:

– ishlab chiqarishga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash talablari joriy qilinadi. Buning uchun mahalliy korxonalarning mutaxassislari ularning talabi asosida o‘qitiladi;

– mahalliy korxonalardagi ishchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratib beriladi;

– brendlarning mahsulotlarini olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona rejimi joriy qilinadi.

Yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 50 million so‘mdan grant ajratiladi.

Prezidentimiz Germaniyaning “Dizel” brendini jalb qilgan Namangandagi “Fazman tekstil” korxonasiga hamda AQSHning “Nayk” brendini jalb qilgan Andijondagi “Sino interneyshnl” korxonasiga birinchi bo‘lib ushbu grantni berishni taklif qildi.

O‘zA