Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Tadbir avvalida davlatimiz rahbari faol tadbirkorlarga yuksak davlat mukofotlarini topshirdi. Ayni paytda Prezident mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida nutq so‘zlamoqda.

–Turli ziddiyatlar tufayli logistika va mahsulot yetkazib berish zanjirining uzilgani, hamkor mamlakatlar valyutasining qadrsizlangani, global miqyosdagi yuqori inflyatsiya oqibatida moliyaviy resurslarning qimmatlashgani kabi omillar ta’sirini tadbirkorlarimiz juda yaxshi bilishadi.

Tan olish kerak, bundan buyon ham oson bo‘lmaydi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan to‘g‘ri saboq chiqarib, faqat oldinga intilsak, bizning mehnatkash xalqimiz, ishbilarmon tadbirkorlarimiz har qanday mashaqqatni albatta, yengib o‘tadi, men bunga ishonaman, – dedi davlatimiz rahbari nutqining avvalida.

Bunday murakkab sharoitda muammolarni bevosita biznes vakillarining o‘zidan eshitib, ularga birgalikda yechim topish va bu orqali tezkorlik bilan qaror qabul qilish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligi qayd etildi.

O‘zA