Moldova Prezidenti Mayya Sandu TV Nord telekanaliga intervyu bergan chog‘ida rossiyalik diplomatlarning mamlakatdan chiqarib yuborilishiga ham izoh berib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning Moldovadagi elchixonasida qolayotgan xodimlari soni sifatli xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlash uchun yetarli hisoblanadi.

“Ishonchim komilki, Rossiya Federatsiyasi elchixonasi xodimlari soni sifatli xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlash uchun yetarli. Umuman, bizning Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarimiz Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyin keskin yomonlashdi”, – degan Sandu intervyusida.

Dushanba kuni Rossiya elchixonasining 45 xodimi oila a’zolari bilan birga Moldovani tark etdi. Ular Moldova Tashqi ishlar vazirligining Rossiya diplomatik vakolatxonasida shtatlar sonini qisqartirish bo‘yicha qabul qilgan  qarori sababli mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Bunga Insider portali va Jurnal TV  jurnalistlarining go‘yo Rossiya Moldovada josuslik faoliyatini yuritayotgani haqida olib borgan tekshiruvi sabab bo‘lgani aytilmoqda.