Bu haqda Buxoro shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, yil boshidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha katta dastur boshlangan.

O‘tgan davrda 430 megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirildi. Shuning o‘zi yiliga 1,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Bu ijtimoiy soha ob’ektlari yillik iste’molining 60 foiziga teng.

Bugungi kunda ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob’ektlari hamda aholi xonadonlarida 250 megavatt quyosh panellari o‘rnatildi.

Bu borada Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘onada ishlar to‘g‘ri tashkil qilinib, ijtimoiy soha ob’ektlarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha yillik reja bajarildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy ob’ektlar va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish O‘rtachirchiqda atigi 5 foizni, Bo‘ka tumanida 10 foiz, Bo‘zatov va Piskentda 15 foiz, Nurota va Yangi hayot tumanlarida 20 foizni tashkil qildi.

2023 yil uchun reja qilingan tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash ishlarini 1 avgustga qadar yakunlash bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Lekin hududlardagi 1 ming 100 kilometr tarmoqlar va 402 ta transformatorni ta’mirlash ishlari haligacha yakunlanmagan.

O‘zA