Italiya vazirlar kengashi Omnibus deb nom berilgan hukumat dekretini ma’qulladi. Mazkur hujjat o‘zida keyinga qoldirib bo‘lmaydigan choralar paketini jamlagan. Unga ko‘ra, koronavirus bilan xastalanganlarni majburiy yakkalash bekor qilinadi.
Xabarda bu COVID-19 pandemiyasi tufayli joriy qilingan cheklovlarning eng so‘ngisi ekani aytilmoqda. “Epidemiologiya vaziyati, vaksinalar va dori-darmonlar ushbu cheklovga zarurat qoldirmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratni davom ettiradi va zarurat tug‘ilganda barcha choralarni ko‘radi”, – deydi Italiya sog‘liqni saqlash vaziri Oratsio Skillachi.
JSSTning so‘nggi haftalik epidemiologiya ma’lumotlarida keltirilishicha, dunyoning faqat 46 foiz mamlakatlari va hududlarida iyul oyida COVID-19 bilan bog‘liq holatlar aniqlangan. Tashkilot ma’lumotlarida keltirilishicha, iyul oyida milliondan ziyod odam koronavirus yuqtirgan va 3,1 ming kishi vafot etgan.
Ko‘rinib turibdiki, Koronavirus hali ham dunyo kezib, o‘z qurbonlarini qidirmoqda. Qolaversa, virusning yangi-yangi shtammlari paydo bo‘layotgani ham odamlarni ushbu kasallikka befarq bo‘lmaslikka undaydi. Masalan, The Economic Times gazetasining so‘nggi sonida kuni kecha Hindistonda COVID-19 xastaligining Eris deb nom berilgan yangi varianti aniqlangani haqida xabar tarqatildi. Xabarda Hindiston kasalliklar genomikasi bo‘yicha konsorsiumi a’zosi Eris bilan bog‘liq holat qayd etilgani haqida ma’lum qilgani aytiladi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, hozircha xavotirga o‘rin yo‘q.
Aniqlik kiritilishicha, ushbu EG.5.1 shtammi “omikron”dan paydo bo‘lgan. Variant ilk bor joriy yilning mart oyida aniqlangan edi. O‘tgan oylarda u Buyuk Britaniyada ham paydo bo‘ldi. Shu vaqtgacha shtamm shifokorlar xavotiriga sabab bo‘lmagan edi, biroq olimlarni uning tarqalish sur’ati yuqoriligi va virus yuqtirganlar sonining o‘sishi xavotirga solmoqda.
Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, so‘nggi bir kunda mamlakatda 54 ta yangi koronavirus tashuvchisi aniqlangan. Mamlakat bo‘yicha jami kasallanganlar soni 1 ming 574 kishiga yetgan. Konsorsium rahbari va JSSTning viruslar evolyutsiyasi bo‘yicha maslahatchilar guruhi raisi Anurag Agravalning ta’kidlashicha, insonlarda immunitet pasaygan sari virus yuqtirish va yangi mutatsiyalar rivojlanish holatlarining vaqti-vaqti bilan ko‘payishi kuzatiladi.
S.Rahimov, O‘zA