Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Ark qo‘rg‘oni yaqinidagi Poyi Kalon majmuasi bilan ham tanishdilar.
Buxoro zaminining har qarichi tarix. Qadimiy obidalar ajdodlarimizning buyuk yaratuvchilik dahosi va ma’naviy qudratidan so‘zlaydi. XII va XVI asrlar oralig‘ida bunyod etilgan Minorai Kalon va uning yonidagi Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasi betakror me’moriy yechimi, go‘zalligi bilan mo‘jizaviy san’atni eslatadi.
Balandligi 46,5 metr bo‘lgan Minorai Kalonning arxitekturaviy mezonlari bo‘yicha dunyoda tengi kam. U qariyb 900 yil davomida ne-ne taloto‘plarga guvoh bo‘lgan. Xalqimiz qudratining o‘lmas ramzi sifatida bugun ham barchani hayratga solayotir.
Prezidentlar Mir Arab madrasasida faoliyat yuritayotgan islom o‘rta maxsus bilim yurti bilan tanishdilar. Ushbu bilim yurti o‘z vaqtida sobiq sho‘ro davlati hududida yagona islom ta’lim muassasasi bo‘lgan. Hozirgi paytda bu yerda O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan yoshlar diniy va dunyoviy bilimlarni, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirmoqda.
Delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi eng yirik jome’ masjidlaridan biri bo‘lgan Masjidi Kalonda ham bo‘ldi.