Prezidentlar Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasini ziyorat qildi

Dini bir, tili va madaniyati yaqin o‘zbek va turk xalqlarini o‘xshash an’ana va qadriyatlar, buyuk allomalarimizning boy ma’naviy merosi birlashtirib turadi. 
Yurtimizda tavallud topgan ulug‘ allomalar nomlarini Turkiyada ham yaxshi bilishadi, ular qoldirgan merosga qiziqish beqiyos. Butun musulmon olamida mashhur alloma, naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan hisoblanadi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Buxoro viloyatiga tashrifini Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qilishdan boshladi.
Ulug‘ alloma ruhi pokiga Qur’on tilovat qilindi.
Oliy martabali mehmonga tariqat asoschisi hayoti, islom dini rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, mustaqillik yillarida majmuada amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berildi.
“Dil ba yoru dast ba kor”, ya’ni “Ko‘ngling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin”. Ulug‘ mutafakkir Bahouddin Naqshband asos solgan naqshbandiya tariqati ushbu hikmatga asoslanadi. Asli ismi Muhammad bo‘lgan alloma yoshligida otasi ustozligida kimxobga naqsh solish bilan shug‘ullangan. Allohga muhabbatni qalblarga naqshlagani bois Naqshband nomini olgan. Bahouddin esa dinning nuri degan ma’noni anglatadi.
Bahouddin Naqshband xalq o‘rtasida Xoja Bahouddin, Bahouddin Balogardon, Xo‘jai Buzruk, Shohi Naqshband nomlari bilan ham mashhur.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan dunyo tamadduni va islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar merosini chuqur o‘rganish hamda targ‘ib qilish yuzasidan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Majmua hududida o‘tgan yili Mir Arab oliy madrasasi faoliyat boshladi. Turkiya Prezidentiga ushbu madrasa tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berildi.
Mehmon ulug‘ alloma qo‘nim topgan maskan bilan tanishar ekan, bu yerda amalga oshirilgan ezgu ishlarga yuksak baho berdi. Bahouddin Naqshband ta’limotini, allomaning izdoshlari haqidagi ma’lumotlarni ilmiy asosda o‘rganish, islom dini zamiridagi oliyjanob fazilatlarni yosh avlod qalbiga chuqur singdirish zarurligi ta’kidlandi.

 

Matnazar Elmurodov, Erkin Yodgorov, O‘zA