Turkiya Respublikasi Prezidenti Buxoroga keldi

Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on 1 may kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. 
Buxoro xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Buxoro viloyatida Turkiya Respublikasi delegatsiyasini kutib olishga alohida tayyorgarlik ko‘rilgan. Ko‘chalar ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan, rang-barang pannolarga xalqlarimizning do‘stligi va qardoshligi tarannum etilgan so‘zlar yozilgan.
Tashrif dasturidan Prezidentlarning Buxoro zaminida mangu qo‘nim topgan aziz-avliyolarimiz xoki poylarini ziyorat qilishi, Buxoro shahridagi qadimiy Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon majmuasi va boshqa tarixiy yodgorliklarni tomosha qilishi o‘rin olgan.
Kunning ikkinchi yarmida oliy martabali mehmon Prezidentimiz hamrohligida Labi hovuz sahni hamda Devonbegi madrasasida o‘tkaziladigan Shashmaqom, Buxoro folklor qo‘shiq va raqslaridan tarkib topgan konsert dasturida ishtirok etishi kutilmoqda.

 

Matnazar Elmurodov, Erkin Yodgorov, O‘zA