“The Guardian” nashri xabar berishicha, Yaponiyada kuzatilgan kuchli yomg‘ir va shamoldan hosil bo‘lgan “Xanun” to‘foni Okinava, Kagosima hududlarini qamrab oldi, bo‘ron materik tomon yo‘nalishini o‘zgartirishdan oldin asta-sekin shimoli-g‘arbga siljidi.
Mamlakat janubi-g‘arbidagi bu ikki prefekturada 166 mingga yaqin xonadon elektr ta’minotidan uzildi.
Meteorologiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Sharqiy Xitoy dengizidan yo‘nalgan bo‘ronning tezligi soatiga 222 km (138 mil)ga chiqdi.
“NHK” davlat telekanali Yong‘in va tabiiy ofatlarni boshqarish agentligiga tayanib ma’lum qilishicha, payshanba kuni ertalab Yaponiya poytaxti Tokiodan 1600 km (1000 mil) janubi-g‘arbda joylashgan, Okinavadagi mashhur sayyohlik maskanida ikki kishi halok bo‘lgan, jami 41 kishi tan jarohati olgan.
Okinava poytaxtida joylashgan, prefekturaning asosiy darvozasi hisoblangan Naxa aeroporti ikki kunga yopilib, bugun ish boshladi. Transport vazirligi 304 ta reysni bekor qilgan.
Mahalliy “Okinava elektr quvvati” kompaniyasi o‘z veb-saytida mahalliy vaqt bilan soat 10.36 holatiga ko‘ra, 160 040 xonadon yoki jami uylarning to‘rtdan bir qismida elektr toki uzilishi qayd qilingan.
Bundan tashqari, biroz shimoldagi Kagosima prefekturasi Amami orollarida, “Kyushu elektr quvvati” tashkiloti bayonot berishicha, 6550 ga yaqin xo‘jalikda elektr ta’minoti ma’lum muddatga o‘chirilgan.
“Xanun” to‘foni tufayli payshanba kuni Tayvan shimolidagi maktab, korxonalar yopildi, 40 ga yaqin xalqaro reys bekor qilindi.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA