Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida muammoli kreditlar ulushi 19 foizdan 16 foizga pasaygani, 6,5 mingdan ziyod mahallada muammoli qarzdorlik qolmagani ta’kidlandi.

Lekin, haligacha qariyb 3 trillion so‘mlik kreditlar qaytmagan.

Banklar kesimida eng ko‘p muammoli kreditlar Xalq banki, “Mikrokreditbank” va “Agrobank” hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ishlar ahvoli qoniqarsiz.

Bundan tashqari, hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 2,5 mingta holatda 68 milliard so‘m kreditlar maqsadsiz sarflangani aniqlangan.

Shu munosabat bilan:  

– Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari Markaziy bank rahbarlarini, Xalq bankining Namangan va Surxondaryo, “Agrobank”ning Andijon va Farg‘ona hamda “Mikrokreditbank”ning Toshkent viloyatlari rahbarlarini lavozimidan ozod etish;  

– muddati o‘tgan qarzdorlik yuqori 15 ta tuman va shahar banklari rahbarlarini to‘liq yangilash masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.  

O‘zA