Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Har bir tadbirkorning muammosini hal qilishga alohida soliqchi mas’ul bo‘lishi belgilandi. Bunda, yillik aylanmasi:  

– 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan mikrobiznes vakillari bilan mahalladagi soliq xodimlari;

– 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kichik tadbirkorlar bilan tuman soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;

– 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta biznes korxonalari bilan viloyat soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;

– 100 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan yirik korxonalar bilan esa Soliq qo‘mitasi o‘rinbosarlari shaxsan ishlab, ularning muammolarini hal qilib boradi.

1 sentyabrdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisobot topshirmaydi. Bu ishlar bilan mahallaga biriktirilgan soliqchilar shug‘ullanadi.

Kelgusi yil 1 yanvardan esa kichik biznes sub’ektlari va fermerlarning hisobotini soliq idoralari elektron shaklda yuritadigan tizim bo‘ladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasiga soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tuzilmaga aylantirish, xodimlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasini yaxshilash bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.

O‘zA