Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Soliq idoralari qo‘shimcha manbalar topish o‘rniga eski zamon kasaliga berilib, ishlayotgan tadbirkorlarning tayyor mablag‘larini undirishga o‘rganib olgani qayd etildi.

Masalan, 2022 yilda tadbirkorlar tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar hajmi 320 milliard so‘mga oshib, 4,4 trillion so‘m bo‘lgan.

–Afsuski, soliq xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy jinoyatlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda, – dedi Prezident.

Bosh Prokuratura huzuridagi Departament nazoratni susaytirib yuborgani tanqid qilinib, unga soliqchilar tomonidan ortiqcha to‘lovlar undirish, ularni vaqtida qaytarmaslik, tekshirishdagi soxtakorlik kabi qonunbuzilishlarni oldini olish bo‘yicha amaliy tizim yaratish topshirildi.

Shuningdek, byudjet tushumlarini ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun:  

– Andijon va Sirdaryo viloyatlari soliq boshliqlari hamda Soliq qo‘mitasining yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisini lavozimidan ozod qilish;  

– Iqtisodiyot va moliya vazirining soliqqa mas’ul o‘rinbosari D.Sultonov, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari M.Mirzayev, J.Abdiyev, S.Eshmatov, M.Mahkamov, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘iga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.  

O‘zA