Bu klaster O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 11 noyabrdagi qaroriga asosan tashkil qilingan edi. Mashinasozlikdagi 5 ta korxona quvvatlari maqbullashtirilib, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi negizida to‘liq siklli klaster tizimi yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun qariyb 38 ming kvadrat metr yangi inshootlar qurilib, 35 ming kvadrat metrdan ziyod mavjud binolar ta’mirlandi.

Klaster yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mingta ish o‘rni yaratilgan. Yana bir muhim tomoni, tarmoq korxonalari orasida kooperatsiya kengayishi, xarajatlar va mahsulot tannarxi qisqarishiga erishilgan.

Yaqinda klasterda birinchi mahalliy mahsulot – universal traktor ishlab chiqarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning ilk namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, kombayn ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ishlarni davom ettirib, import mahsulotlarni mahalliylashtirish, bu jarayonga xususiy sektorni jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

– Qishloq xo‘jaligimizda texnikaga talab katta. Bizga arzon, muqobil, tejamkor texnika kerak. Buning uchun mahalliylashtirish va tannarx bo‘yicha ishlash zarur. Dehqonlarga arzon texnika yetkazib bermasak, manfaatdorlik bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari texnikalarga xizmat ko‘rsatishning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

– Bu klaster faqat sotuvchi emas, xizmat ko‘rsatuvchi ham bo‘lishi kerak, – deya ta’kidlandi.

Toshkent viloyati misolida servis maskanlari tashkil etish, yoshlarni bepul o‘qitib, sifatli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Klasterda ilm-fan va ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, shu maqsadda zamonaviy ilm markazi ishga tushirildi. Bu yerda Germaniya va Shvetsiya kompaniyalarining ta’lim markazlari bilan hamkorlikda uzluksiz dual ta’lim shaklidagi o‘quv jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari talabalari nazariy bilimlarini klasterda amaliyot bilan mustahkamlab boradi.

Prezidentimiz mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

– Hozir joylarda, klasterlarda paxtani mashinada terish 50 foizga yaqinlashmoqda. Bu yil 6 oyda meva-sabzavotning o‘zidan 550 milliondan ko‘p eksport qildik, yaqin kelajakda 2-3 milliardga yetkazmoqchimiz. Qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida yana loyihalar ko‘p. Ularda mahsuldorlikni oshirish, odamlar mehnatini yengillashtirish uchun sifatli, xamyonbop texnikalar zarur, – dedi Prezident.

Klaster faoliyatida muqobil elektr energiyasi manbalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 20 ming kvadrat metr maydonda quyosh batareyalarini o‘rnatildi. Bu klasterning elektr energiyasiga talabining 30 foizigacha ta’minlashi mumkin.