Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etilganidek, joriy yilning olti oyida Toshkent viloyatida 440 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.  

Lekin Yangiyo‘l tumani, Bekobod va Chirchiq shaharlarida to‘qimachilik mahsulotlari; Zangiota va Yuqori Chirchiqda elektrotexnika mahsulotlari; Olmaliq shahrida qurilish materiallari eksporti o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.

So‘nggi uch yilda viloyatda sanoat hajmi 19 foizga o‘sib, 94 trillion so‘mga yetdi. Lekin ushbu davrda sanoat mahsulotlari Bekobod tumanida 3,6 foizga kamaygan bo‘lsa, Parkentda bor yo‘g‘i 2,6 foizga oshgan.

O‘tgan uch yilda Zangiotaning viloyat sanoatidagi ulushi 8,3 foizdan 3,5 foizga, Angren shahrida esa 7,5 foizdan 4,8 foizga kamaygan.

Joriy yilning olti oyida viloyatda xizmatlar hajmi 7,3 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich Qibray va Yangiyo‘l tumanlarida 1 foizga ham yetmaydi.

Joriy yilda qurilishi reja qilingan 114 ta ko‘p qavatli uy-joylardan bugungi kungacha atigi 9 tasi foydalanishga topshirildi.

Shu va boshqa kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani, ishlarni lozim darajada tashkil qilmagani uchun:  

– Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari M.Fayziyev, Qibray tumani hokimi M.Mirqosimov va Yangiyo‘l tumani hokimi U.Yalgashev hamda ushbu tumanlarning 4 ta sektor rahbarlarini lavozimidan ozod qilish;  

– viloyat hokimining sanoat va investitsiyalarga mas’ul o‘rinbosari N.Sharipov, qurilishga mas’ul o‘rinbosari Sh.Mahmudovga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.  

O‘zA