Davlatimiz rahbari Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilyotgan Futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar markazini borib ko‘rdi.

Bu markaz Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Hozirda 8 ming o‘rinli stadion qurilgan. Yana 7 ta mashg‘ulot maydoni, plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn, reabilitatsiya majmuasi va yotoqxonalar qurilishi rejalashtirilgan.

Soha mutasaddilari bilan suhbatda milliy futbolimizga xorijdan malakali texnik direktor olib kelish, futbol tuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Jizzax, Namangan va Toshkentda mintaqaviy bazalar tashkil qilish, murabbiylar maktabini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident yoshlar orasida futbolni yanada ommalashtirish, ularga sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

– O‘zbekistonda futbol eng sevimli sport turi. Har o‘nta odamdan to‘qqiztasi uning muxlisi desa bo‘ladi. Bu ommaviylikdan foydalanib, futbolni tubdan rivojlantirish kerak. Masalan, yurtimizda 10 mingta maktab bor, 208 ta tuman-shahar bor. Xo‘sh, maktab, mahalla, jamoalarda futbol qanday bo‘ladi? Ikkinchidan, futbolga mehr qo‘ygan bolalar o‘z yo‘lini topishi uchun nima qilishimiz kerak? Uchinchidan, yoshlar futboldan ketgandan keyin nima bilan shug‘ullanadi, ularga qo‘shimcha kasb-hunar berishni ham o‘ylash zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari yosh futbolchilar bilan ham suhbatlashdi.

– Xalqimizning sportga mehri kuchli. Ayniqsa, futbol «oilaviy do‘stimiz». Milliy terma jamoamiz o‘yinlarini hammamiz g‘urur, faxr, hayajon bilan kuzatamiz. Sizlar oilada ota-onangizning farzandi bo‘lganingiz bilan maydonda xalqimizning farzandisizlar. Ana shuni doim yodda tuting, – dedi Prezident.

Futbolchilarda Vatan tuyg‘usini shakllantirish muhimligi ham ta’kidlandi.

– Futbolchilar dunyo kezadi, chet el jamoalarida o‘ynaydi. Ular O‘zbekiston tarixini, sharoitlarini yaxshi bilishi kerak. Ular bizning elchilarimiz, bolalarga namuna, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasini jahon yutuqlari asosida rivojlantirish masalalari ham ko‘rsatib o‘tildi.