Farg‘ona shahrida Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

–Ushbu yig‘ilish bejizga Farg‘onada o‘tkazilmayapti. Chunki bugun barcha yo‘nalishlar bo‘yicha eng ko‘p tilga olingan hudud bu Farg‘ona bo‘layapti. Sababi, viloyatdagi kriminogen vaziyat achinarli holda, – dedi davlatimiz rahbari.  

Kecha viloyat ichki ishlar boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan M.Jo‘rayev jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga statistikani sun’iy kamaytirish bilan shug‘ullanib kelgani ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik orqali ularni yashirish oddiy holga aylanib qolgan.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘ziga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonligi, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ygani va mansab vakolatidan shaxsiy manfaatlarida foydalanib kelganligi uchun Qo‘qon shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va uning birinchi o‘rinbosari, Qo‘qon shahar ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘limi komandiri o‘rinbosari, O‘zbekiston tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, viloyat prokurorining ichki xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi, viloyat prokuraturasi iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, viloyat prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha yordamchisi, Rishton tumani prokurori ishdan olindi.

Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatiga ularning faoliyatiga qonuniy baho berib, tergov harakatlarini boshlash topshirildi.

Shuningdek, qo‘l ostidagi xodimlari hamda ichki ishlar idoralarida qonun ijrosi ustidan nazoratni susaytirib yuborgani uchun Farg‘ona viloyati prokurori B.Ismoilovga hayfsan berildi.

O‘zA