Farg‘ona shahrida Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishda “Yo‘l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.

Endi yo‘ldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechilib, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qo‘yiladi.

Eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasini shakllantirib, ularni tartibga solish uchun:  

–nechta svetofor yoki qancha uzunlikdagi yo‘l to‘siqlari kerak;  

– qaysi hududlarga yer usti va yer osti piyoda yo‘laklari zarur;  

– harakat xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgan “yama” va “garmoshkalar”ni ta’mirlash uchun qancha mablag‘ zarur, degan savollarga aniq hisob-kitoblarini berish topshirildi.  

Mutasaddilar va barcha viloyatlar hokimlariga bir oy muddatda konsultantlarni jalb qilib, hududidagi eng xavfli yo‘l va chorrahalarda tartib o‘rnatish loyihasini boshlashga ko‘rsatma berildi.

O‘zA