Inson huquqlari ta’minlangan jamiyat eng adolatli jamiyat hisoblanadi. Huquqlar ta’minlanishi uchun esa ularni bilish, himoyasi uchun kurashish ham zarur.

Huquqiy jurnalistika jamiyatga aynan shu masalada juda ham zarur. Aholiga qonunlarni, haq-huquqlarini tushuntirish, zarur hollarda, himoyasi uchun kurashish ushbu yo‘nalishda ijod qilayotgan jurnalistlarning asosiy vazifasi.

Shu jihatdan bugungi kunda mamlakatimizda huquqiy jurnalistika jadal taraqqiy etib bormoqda. O‘z huquqlari himoyasi uchun ommaviy axborot vositalariga murojaat yo‘llayotgan yurtdoshlarimiz ham ko‘paygan.

Huquqiy axborotlar ko‘lami kengaygani va ular ommaviy axborot vositalariga muntazam olib chiqilayotgani uchun ham aholining huquqiy madaniyati oshdi. Aynan shunday ma’lumotlarni saytlarda, gazeta sahifalarida o‘qiyotgani uchun ham mushtariylar ko‘p hollarda ommaviy axborot vositalaridan yordam so‘ramoqda.

Muhimi, OAVda inson huquqlari tiklanishi borasida e’lon qilinayotgan maqolalar o‘z natijalarini berib kelmoqda. Misol uchun, joriy yil birinchi yarmida Bosh prokuratura tanqidiy materiallarni o‘rganish natijasida 29 jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va 32  nafar fuqaroning huquqlari tiklangan.

Adliya vazirligida “Yangilangan Konstitutsiya va qonunlarimiz – jurnalist haq-huquqining kafolati” mavzusida tashkil etilgan yig‘ilishda esa huquqiy mavzuni yoritishning nihoyatda murakkab va mas’uliyatli ekanligiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Adliya vazirligi  hamkorligida tashkil etilgan tadbirda uyushma qoshidagi huquqiy jurnalistika kengashi a’zolari, Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, huquqshunoslar, OAVda huquqiy mavzularni yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar ishtirok etib, yangilangan Konstitutsiyada jurnalistlarimiz haq-huquqlari himoyasi ta’minlanganini qayd etdi.

Bosh qomusimizga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari erkindir va  qonunga muvofiq ish olib boradi. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.

Senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi ham Konstitutsiyada qayd etilgan. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Tadbirda huquqiy mavzularning yoritilishidagi yutuq va kamchiliklar haqida so‘z bordi. Yosh jurnalistlarni huquqiy mavzularni yoritishga jalb etish, ularni tajribali ustoz jurnalistlarga biriktirish lozimligi ta’kidlandi.

Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva huquqiy mavzularga qiziqadigan yosh jurnalistlar bilan  ishlashga, ularga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Yig‘ilish yakunida mavzu yuzasidan fikr almashildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA