1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda SHHTga a’zo davlatlar bolalari ishtirokida “Tabiatni birgalikda asraylik” mavzusida Xalqaro bolalar rasmlari ko‘rgazmasi tashkil etilgan edi.

Ushbu ijodiy loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad bolajonlarning ekologik savodxonligini oshirish, tabiatni muhofaza qilish, ularni tasviriy san’at va badiiy ijodga bo‘lgan qiziqishini yuksaltirish, iqtidorli yosh rassomlarni aniqlashdan iborat edi. Loyiha uchun turli davlatlardan mingdan ortiq ijodiy ishlar kelib tushgan bo‘lib, uch yuzdan ortiq rasmlar O‘zbekiston maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bolajonlarning ijod namunalaridir.

“Tabiatni birga asraylik” ijodiy tanloviga SHHTga a’zo davlatlardagi maktabgacha va maktab ta’limi tashkiloti tarbiyalanuvchilaridan kelib tushgan rasmlardan iborat katta ko‘rgazma joriy yilning 30 may – 2 iyun kunlari Toshkent fotosuratlar uyida bo‘lib o‘tdi.

Hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rgazmada ishtirok etgan va eng yaxshi deb topilgan rasmlarning jajji mualliflari aniqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligida tashkilotchilar tomonidan “Eng yaxshi maktabgacha ta’lim tashkiloti”, “Eng yaxshi yosh qatnashchi”, “Eng faol ustoz”, “Eng yaxshi qoraqalpog‘istonlik qatnashchi”, “Eng faol viloyat”, “Eng faol tarbiyachi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlangani e’tiborlidir.

O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin va boshqalar mazkur ko‘rgazmada bolalarning borliqni asrab-avaylashga oid munosabati yorqin tarzda aks ettirilganini ta’kidladi. Tadbirda mukofot va diplomlarni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi.

Aytish joizki, mamlakatimizda 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni arafasida turli tantana va tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazilayotgan shu kunlarda mazkur ijodiy loyiha ham o‘ziga xos baynalmilal ruhi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ko‘rgazma uchun taqdim etilgan rasmlarga ona-tabiatni asrab avaylash mavzusi bolajonlarning pokiza qalbi, beg‘ubor nigohi, yorug‘ va samimiy orzulari vositasida ochib berilgani bilan diqqatga sazovordir.

“Tabiatni birgalikda asraylik” mavzusida Xalqaro bolalar rasmlari ko‘rgazmasida:

“Eng yaxshi maktabgacha ta’lim tashkiloti” nominatsiyasida Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi 539-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Madina Umrzokova (7 yosh), “Eng yaxshi yosh ishtirokchi” nominatsiyasida Belarus Respublikasi Grodno shahri vakili Artur Skorov (6 yosh) g‘olib bo‘ldi. (Sovrin Belarusning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimiga topshirildi)

Shuningdek, “Eng faol ustoz” nominatsiyasida Belarus Respublikasining Bixov shahridagi “Moskalkova N.T.” nomidagi davlat ta’lim muassasasi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dmitriy Gubskiy (10 yosh), “Qoraqalpog‘istondan eng yaxshi ishtirokchi” nominatsiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanidagi 18-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Nurislom Artikboyev, “Eng faol viloyat” nominatsiyasida Navoiy shahar 20-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi E’zoza Hikmatova, “Eng faol tarbiyachi” nominatsiyasida Xitoy Xalq Respublikasi Markaziy Badiiy Akademiyasi Bolalarni estetik tarbiyalash ilmiy markazi tarbiyalanuvchisi Vu Sixan g‘olib deb topildi.

Tadbir davomida keyingi yillarda “Tabiatni birgalikda asraylik” mavzusida Xalqaro bolalar rasmlari ko‘rgazmasini SHHTga a’zo davlatlardagi maktabgacha va maktab ta’limi tashkiloti tarbiyalanuvchilari o‘rtasida hamkorlikda o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi hamda O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Tadbir yakunida Toshkent shahridagi bir qator davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari tomonidan musiqa va raqs dasturlari namoyish etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri