Mamlakatimizda oliy ta’limga oid masalalar ichida o‘qishni ko‘chirishga bo‘lgan talab talaygina. Bu boradagi so‘nggi yangiliklar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abdusamad Mamanazarov bilan suhbatlashdik.

– Joriy yilgi o‘quv yili uchun o‘qishni ko‘chirish qachondan boshlanadi? 

–O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar har yili 15 iyuldan 5 avgustgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi. Imtihonlar esa bakalavriatga kirish imtihonlariga o‘xshash. Shu o‘rinda ma’lumot sifatida aytish mumkinki, 26 iyul soat 09:00 holatiga ko‘ra, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha jami 33 ming 27 nafar talaba onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Respublika davlat oliy ta’lim muassasalariaro o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 16 ming 945 nafar, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha esa 16 ming 82 nafar talaba ariza topshirgan.

– O‘zbekistonda ichki “perevod” tartibi qanday? 

– Davlat oliy ta’lim muassasasining biridan ikkinchisiga o‘qishni ko‘chirish ikki holatdagina ruxsat beriladi:

– talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;

– davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.

Shuningdek, bir oliy ta’lim muassasasi doirasida (ichida) ta’lim shaklini o‘zgartirish yoki mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash shu oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

– Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston OTMga o‘qishni ko‘chirishda nimalarga e’tibor beriladi? 

–Talaba o‘qiyotgan OTM akkreditatsiyadan o‘tmagan hamda xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini ko‘chirishiga ruxsat etilmaydi.

Xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1 000 ta o‘rindan birini egallagan) oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishda talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi.

Bunda kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15 iyulga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi.

O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda tegishli oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.

– Nodavlat oliy o‘quv yurtlaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish qoidalari haqida to‘xtalsangiz. 

– O‘zbekiston Respublikasidagi nodavlat OTM yoki respublikamizdagi akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filialidan davlat oliy ta’lim muassasasiga mos yoki turdosh yo‘nalish bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan talaba ta’lim yo‘nalishiga kirish fanlaridan imtihon topshiradi. Agar talaba turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishini tanlasa, buning uchun belgilangan bir martalik tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt to‘lovini amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

– Bu jarayonda qanday hujjatlar talab etiladi? 

– Avvalo ariza, pasport yoki ID nusxasi, reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxasi, uzrli sabablarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar. Arizalarni respublika davlat oliy ta’lim muassasalariaro o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha transfer.edu.uz platformasi orqali, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha my.uzbmb.uz platformasi orqali topshirish mumkin.

 

Nasiba ELIBEKOVA, 

O‘zA