Bugun Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi: ustuvor vazifa va istiqbol” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar davlati, Quvayt va O‘mon Sultonligi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, jamoatchilik va siyosiy doira vakillari, yetakchi tahlil markazlari ekspertlari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida 19-20 iyul kunlari Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” birinchi sammiti yakunlari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbarining taklif va tashabbuslari mazmuni tahlil etildi.

Ikki mintaqa o‘rtasida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo, sarmoya, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va boshqa sohalardagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

– Mintaqalarimiz o‘rtasidagi munosabatni strategik jihatdan rivojlantirishga ehtiyoj kuchayib borayotgan bir davrda Jiddada sammit uyushtirilishi ayni muddao bo‘lib, mavjud aloqalarimizni kuchaytirishga xizmat qiladi, – dedi BAAning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Said al-Qamziy. – Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida sheriklik munosabatini yanada mustahkamlashga oid qimmatli fikrlarni bildirdi.

BAA elchisi, shuningdek, taklif, xulosalar umumlashtirilib, muhim vazifalar kelishib olinganini ma’lum qildi. Bildirilgan fikr, mulohazalar, davlat rahbarlari ilgari surgan takliflar to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Davlatimiz rahbari muqaddas islom dini bo‘lgan umumiy e’tiqod, yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va an’analarga asoslangan chuqur tarixiy bog‘liqlikni alohida ta’kidlagani e’tirof etildi.

Xorijiy ekspertlar O‘zbekiston yetakchisining bugungi tavakkalchilik, qiyinchilikka qaramay, ikki mintaqa tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo‘lib qolayotgani xususidagi fikriga bir ovozdan qo‘shildi. Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlari bir-birini ishonchli, uzoq muddatli hamkorlar sifatida bilishi yuqori baholandi.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda mintaqamiz va arab davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning o‘ziga xos, jadal o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. Xususan, mamlakatimizda yetakchi kompaniya va banklar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymat 20 milliard dollardan oshadi.

– Sammitda mamlakatlar yetakchilari sheriklik tamoyilini mustahkamlashga qaratilgan o‘ta muhim, dolzarb fikrlari bilan ishtirok etgani ahamiyatli, – dedi Saudiya Arabistonining yurtimizdagi elchixonasi missiyasi rahbari o‘rinbosari, muvaqqat ishlar vakili Talal Samir Al-Sodiq. – Eng asosiysi, oldimizda turli sohalarda keng ko‘lamli ishlarni yo‘lga qo‘yishdek ulkan vazifa turibdi. Innovatsiya, “sun’iy” intellekt, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun maydon, ish mexanizmi yaratish zarur.

Qayd etish joiz, o‘tgan olti yil ichida Markaziy Ostyoda tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqada sarmoyaviy hamkorlik faollashdi, savdo-sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar sohalarda ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv chog‘ida ayni o‘zgarishlar samarasi o‘laroq, mintaqalararo masalalar bo‘yicha kelishilgan yondashuvni izchil rivojlantirish, BMT, MDH, SHHT, IHT kabi xalqaro tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, jumladan, “Markaziy Osiyo +” muloqot formati doirasida yetakchi davlatlar bilan munosabatni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor berilayotgani ta’kidlandi.

Anjuman dasturiga muvofiq, elchixonalar vakillari ham so‘z olib, sammitda o‘z davlatlari rahbarlari tomonidan ilgari surilgan takliflar mazmuniga to‘xtaldi. Muborak Jidda shahrida o‘tgan ilk muloqot xalqlarimiz farovonligini oshirish, madaniyat va din mushtarakligini, pirovardida do‘stona sheriklikni yana bir pog‘ona ko‘tarish sari qo‘yilgan dadil qadam sifatida e’tirof etildi.

Behruz Xudoyberdiyev, Muhammad Amin (surat), O‘zA