O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ldi.

Tashrif doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘zbekiston – Fransiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, ijtimoiy, madaniy-gumanitar, parlamentlararo hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.

Xususan, “Rothschild&Co” kuzatuv kengashi a’zosi A.Rotshild bilan suhbat chog‘ida xalqaro investitsiyalar sohasidagi joriy tendensiyalar, ularni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining asosiy aktivlarini xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda kompaniyaning tajribasini samarali qo‘llash zarurligiga e’tibor qaratildi.

Baronessa Ariel Malar de Rotshild “Rothschild&Co” moliyaviy guruhi O‘zbekistonda boshlangan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga, iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, kambag‘allikni tizimli qisqartirish masalalarini hal etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida “Rothschild&Co” kompaniyasi ishtirokida davlat ob’ektlari va korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida doimiy o‘zaro aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Tashrif doirasida “Total Eren” ijro etuvchi vitse-prezidenti Faben Demol bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, jahon bo‘ylab yashil energetikadan keng foydalanish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, “Total Eren” kompaniyasi Samarqand viloyati Nurobod tumanida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirgani va bu mintaqadagi flagman loyihaga aylangani ta’kidlandi. Shuningdek, kompaniyaning yangi yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirishga intilayotgani bildirildi.

Jumladan, Faben Demol xonim “Total Eren” kompaniyasining hozirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalari bilan faxrlanishi, bunday muvaffaqiyatli muloqot tajribasi uzoq yillar barqaror o‘zaro hamkorlik asosi bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya milliy merosi instituti direktori Sh.Personnaz bilan ham muloqot o‘tkazdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Sh.Personnaz O‘zbekiston rahbariyatining qadimiy me’morchilik va madaniyatning noyob yodgorliklarini restavratsiya qilish va asrab-avaylash, mamlakatning boy moddiy-madaniy merosini tiklash, muzey ishlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarini yuksak baholadi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish sohasida Fransiyaning ilg‘or tajribasini tatbiq etish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, Fransiya Milliy meros institutining yetakchi mutaxassislarini jalb etgan holda  milliy kadrlar malakasini oshirish, ikki mamlakat yetakchi ekspertlari ishtirokida madaniy merosni rivojlantirish yuzasidan qo‘shma amaliy seminarlar o‘tkazishga urg‘u berildi.

Uchrashuv yakunida o‘zbek arxeologlari va restavratorlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish va ularning Fransiya Milliy meros institutida ilmiy-texnik bilim olishlari borasida kelishuvga erishildi.

N.Abduraimova, O‘zA