Plastmassa yerning ham, suvning ham ifloslanishiga katta hissa qo‘shadi. Agar plastmassadan foydalanishda tegishli tartiblarga amal qilinmasa, u okeanlar va daryolarga tushib, dengiz hayotiga zarar yetkazishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sanoatdagi ishlab chiqarish va biznesdagi dolzarb masalalardan biri plastik mahsulotlarni qayta ishlash muammosidir. Plastmassa atrof-muhit uchun zararli bo‘lib, bu kabi mahsulotlarning parchalanishi uchun yuzlab yillar kerak bo‘ladi. Aynan plastmassa mahsulotlari orqali paydo bo‘ladigan zararlar oqibatida okean va poligonlar ifloslanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, plastmassa odatda yengilroq va moslashuvchan bo‘ladi. Osonlik bilan shakllantirilishi yoki qoliplanishi hamda sintetik, yarim sintetik yoki tabiiy bo‘lishi mumkin bo‘lgan materialdir. Plastmassani egiluvchan qiladigan narsa shundaki, u polimerlardan iborat.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning qayd etishicha, mikroplastiklar biz iste’mol qiladigan ovqat, ichadigan suv va nafas olayotgan havoda mavjud. Agar plastmassadan qayta foydalanish, qayta ishlash, yo‘nalishni o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘linsa, 2040 yilga kelib plastik ifloslanish 80 foizga kamayishi mumkin.

Afsuski, bugun mamlakatimizda hamma plastmassani ham qayta ishlash imkoniyati mavjud emas. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, respublika hududida polimer chiqindilarini qabul qiluvchi va ularni qayta ishlovchi jami 88 ta korxona mavjud. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 ta, Andijon viloyatida 7 ta, Buxoro viloyatida 9 ta, Jizzax viloyatida 7 ta, Navoiy viloyatida 5 ta, Namangan viloyatida 7 ta, Qashqadaryo viloyatida 2 ta, Samarqand viloyatida 12 ta, Surxondaryo viloyatida 4 ta, Sirdaryo viloyatida 2 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Farg‘ona viloyatida 5 ta, Xorazm viloyatida 6 ta va Toshkent shahrida 11 tani tashkil etadi.

Ularning yillik loyihaviy quvvati 1 million 149 ming 479 tonnani tashkil etgan holda 2022 yil davomida 706 ming 299 tonna polimer chiqindilar qayta ishlangan. Ushbu chiqindilarni qayta ishlash natijasida polietilen, texnik quvurlar, poket mahsulotlari, shlanglar, granula, plastik buyumlar, preslangan ikkilamchi chiqindi, qop, sellofan paketlar, qadoqlash tasmalari, bolalar aravachasi, velosipedlar uchun g‘ildiraklar, tog‘ora, chelaklar, avtomobil uchun jihozlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, qayta ishlash natijasida olinadigan mahsulot hajmi respublika bo‘yicha yiliga jami 419 ming 24 tonnani tashkil etadi.

Mamlakatimizda aksariyat hollarda chiqindilar to‘liq qayta ishlanmaydi, u yo‘qotilmaydi,  shunchaki  ko‘mib yuboriladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, chiqindi muammosini hal etishda ularni zararsizlantirish hamda utilizatsiya va realizatsiya qilishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilmas ekan, insoniyat turli ekologik muammolarga duch kelaveradi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA