“Vaqf” xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov ma’lumotlariga ko‘ra, fondga kelib tushgan mablag‘lar masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlar uchun sarflanadi.

Xayriya turlarining hech biri majburiy soliq to‘lovlariga kirmaydi. Balki har bir musulmon kishi zimmasiga farz bo‘lgan yoki saxovat qilish o‘rinlarida ushbu mablag‘larni fondga o‘tkazib berishlari mumkin. Hozirgi vaqtda fond xayriya mablag‘larini odamlar qiyinchiliksiz o‘tkazishlari uchun elektron to‘lov tizimlariga ulanmoqda.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida fond tomonidan xayriya, zakot, vaqf mulklari, ziyoratgohlar, diniy tashkilotlar va aksiyalar orqali kelib tushgan mablag‘lar hamda homiylar va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan moddiy ko‘rinishdagi ehsonlar bilan qo‘shib hisoblaganda jami 16 milliard 659 million 713 ming 130 so‘mdan ziyod mablag‘ xayriya sifatida sarflandi.

Shundan, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish maqsadida “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” o‘quv kurslari dars xonalariga 11 dona smart doska uchun  187 million so‘m, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda texnik xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 2 milliard 393 million 163 ming 130 so‘m, diniy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 141 nafar talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash va to‘lov-shartnomalari uchun – 745 million 635 ming so‘m hamda masjidlar va ziyoratgohlarning xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 130 million so‘m miqdorida pul  ajratilgan.

Shuningdek, o‘tgan 6 oy davomida mamlakatimizning ichimlik suvi tanqis bo‘lgan turli hududlaridagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida “Vaqf suvlari” loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi quduq uchun 80 million so‘m fond hisobidan sarflangan bo‘lsa, homiylarni jalb qilgan holda 3 ta artezian qudug‘i qazib ishga tushirildi. Yana 3 ta hududda qazish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yurtimizda faoliyat olib borayotgan 2119 nafar imom-xatiblarning har biriga bir martalik 5 million so‘mdan jami 10 milliard 595 million so‘m, 192 nafar otinoylarning har biriga 3 million so‘mdan jami 576 million so‘m miqdorida pul berilgan.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 1 milliard 195 million 915 ming so‘m, shundan imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bo‘lgan shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 407 million 900 ming so‘m ajratilgan. Turli xayriya tadbirlari uchun 216 million so‘m, viloyat vakilliklarining ma’muriy xarajatlari uchun berilgan moddiy yordam  70 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar sarflandi.

“Qurbon hayiti – 2023” tadbiri doirasida 471 million so‘m qiymatidagi go‘sht va Saudiya Arabistoni tomonidan taqdim etilgan 25 tonna xurmolar bayram sovg‘asi sifatida haqdorlarga yetkazildi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA