Oziq-ovqat sohasida uchraydigan muammolar orasida muhimligi jihatidan shakar ajralib turadi. Hozir ham xalqaro bozordagi manipulyatsiya tufayli shakar narxi oshib, tanqislik yuzaga kelgan.

“DNEXT Intelligencye” kompaniyasi tahlilchisi Jon Stansfild oq shakarga talab kuchliligidan hali yopilmagan shartnomalar asosida 880 000 tonnadan ziyod shakar yetkazib berilishi kerakligini ta’kidlagan.

Bloomberg” ma’lumotiga ko‘ra, shakar narxi yirik mamlakatlardan eksport cheklanishi ortidan ko‘tarildi.

Ko‘p yillik kuzatuvchi Soren Jensen qayd etishicha, oq shakarning eng yirik eksportchilaridan biri hisoblangan Hindistondan, deyarli, tugagan kvota tufayli jo‘natma kam, tez orada o‘sishdan ham real umid yo‘q.

Italiyada hosil kamayib borayotgani sababli, taklif miqdori ham pasaymoqda. Shuning uchun, ertami-kech, xavfli tanqislik paydo bo‘ladi.

Narx ko‘tarilishi qandolat mahsulotlari narxiga keskin ta’sir qiladi va oziq-ovqat inflyatsiyasini kuchaytiradi. Shuning uchun shakar o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni targ‘ib qilish va oddiy usulda iste’molchiga yetkazish yo‘lini qidirish kerak.

Mutaxassislar shakar o‘rnini bosuvchi shirin, ammo foydali mahsulotlar borasida  quyidagi tavsiyalarni beradi.

Steviya – Janubiy Amerikada o‘sadigan o‘simlik bargidan olinadigan tabiiy shirinlikni sportchilar, modellar va qomatiga befarq bo‘lmaganlar yaxshi ko‘radi. Kaloriyasiz hisoblangan ushbu mahsulotni choy, qahva, shirinlik va boshqa taomlarga qo‘shsa bo‘ladi. 100 foiz tabiiy hisoblangan steviya organizm uchun zararsizligi bilan o‘ziga xos.

Yana bir mahsulot – Yernok qiyomi. Ko‘rinishi kartoshkani esga soladigan, ta’mi gul asalinikiga o‘xshash qiyom tayyorlanadigan bu mahsulot tarkibida modda almashinuvini yaxshilaydigan pektin va organik kislota mavjud.

Shakar o‘rnini bosuvchi yana bir meva – xurmo qiyomi foydali vitamin, kaliy, magniy va fosforning koni. Xurmoning o‘zi ham tabiiy shakar o‘rnini bosadi. Shu bilan birga bo‘tqa yoki smuziga qo‘shish ayni muddao bo‘lgan xurmoning glikemik ko‘rsatkichi yuqori ekanini ham unutmaslik kerak.

Qayin yoki makkajo‘xoridan olingan shakar spirti – Ksilitolning kaloriya tarkibi tozalangan shakarga qaraganda ancha past va tish sog‘lig‘ini yaxshilaydi, organizmga kalsiy so‘rilishida yordam beradi. Bundan tashqari, qondagi qand miqdori yoki insulinni ko‘paytirmaslik xususiyati bor. Binobarin, ksilitolni ko‘p iste’mol qilish hazm tizimida muammo paydo qilishi mumkin. Demak, bunda ham me’yorni unutmaslik kerak.

Eritritol – boshqa xil shakar spirti. Bu tabiiy ravishda ba’zi oziq-ovqat turlarida uchraydi. Tijorat maqsadida, odatda, pyuresi achitilgan makkajo‘xori yoki bug‘doy kraxmalidan tayyorlanadi. Kaloriya tarkibi shakarga va shakar o‘rnini bosuvchi moddalarga nisbatan ancha past. Eritritol insulinni, qondagi qand miqdorini ko‘paytirmaydi, sog‘likka hech qanday zarar yetkazmaydi.

Ekspertlar fikricha, shakar o‘rnini bosuvchi boshqa tabiiy mahsulotlarga o‘tilmas ekan, dunyoda shakar narxi oshishi to‘xtamaydi.

G.Sattorova

O‘zA