O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev Gruziya Respublikasi adliya vazirining birinchi o‘rinbosari T.Tkeshelashvili bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki davlat adliya vazirliklarining ko‘p yillik hamkorligiga alohida urg‘u berildi.

Tomonlar mavjud idoralararo munosabatlarni yanada chuqurlashtirish hamda mustahkamlash maqsadida ikki davlat adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik doirasidagi tadbirlarni davom ettirish bo‘yicha fikr almashdi. O‘zaro tajriba almashishga qaratilgan qator ishlarni o‘tkazish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Xususan, hamkorlik doirasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, davlat organlari faoliyatidagi huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘yicha keng tajriba almashiladi.

Huquqiy axborotni tarqatish va aholiga ularning mazmun-mohiyatini yetkazish, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi faoliyati bo‘yicha tajriba almashish va boshqa  masalalar muhokama qilindi.

Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA