O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistonida bo‘ladi.

O‘zA muxbiri tashrif oldidan Podshohlikning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf bin Solih al-Gahra al-Utaybiy bilan suhbatlashib, o‘zaro munosabatning joriy holati, o‘tgan yilgi tashrif natijasi, shuningdek, navbatdagi uchrashuvda muhokama qilinajak masalalarga oid savollariga javob oldi.

– Muhtaram Yusuf al-Utaybiy, dastlab O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatning joriy holati, umuman, hamkorligimizning bugungi kundagi ustuvor yo‘nalishlari xususida fikringizni bilmoqchi edik…

– Saudiya – O‘zbekiston муносабатларини o‘ziga xos, dog‘ tushmagan, deb ta’riflash mumkin. Aloqalarimiz mustahkam bo‘lib, o‘zaro hurmat va ehtiromga qurilgan. Bunda ikkala mamlakatлар rahbarlari intilishlarini amalga oshirish yo‘lida aloqani rivojlantirish va mustahkamlash ahamiyatini idrok etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi олийлариning mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifidan keyin o‘zaro aloqa sezilarli darajada rivojlanayotganiga shohid bo‘lyapmiz. Tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasida ko‘plab bitimlar va anglashuv memorandumlari imzolangandi.

Boshqa tomondan so‘nggi ikki yil ichida ikki yoqlama aloqalarda sezilarli yutuqlarga erishildi. 2021 yil 23 yanvarda Buxoro shahrida o‘tkazilgan ishbilarmonlar forumidan keyin hamkorligimiz, ayniqsa, iqtisodiy sheriklik tez sur’atda o‘sdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalsak, o‘tgan yillar mobaynida amalga oshirilgan tashriflar asosida o‘zaro hamkorlik ko‘lami kengayganini ko‘ramiz. Bu davrda turli darajadagi tashriflar, qator sohalarda yirik anjumanlar tashkil qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida bir-birlarini mushtarak qo‘llab-quvvatlash istagini namoyon etdilar.

– Saudiyada “Nigoh-2030” Davlat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ayni paytda butun dunyo diqqat markazida. Jumladan, O‘zbekiston ham ushbu g‘oyani yuksak baholaydi. Zero, bizning mamlakatimizda ham jamiyat hayotining barcha sohalarini transformatsiya qilishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi belgilangan, bundan xabardorsiz. Savolim shunday: “Nigoh – 2030” va Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi o‘rtasidagi o‘xshashlik yoki farq nimalarda ko‘rinadi?

– Shubhasiz, Podshohlikning “Nigoh-2030” strategiyasi har tomonlama o‘zgarishlar qilish, xususan, iqtisodni rang-baranglashtirish, ijtimoiy hayotni yaxshilash, Podshohlikda hayot darajasini ko‘tarish maqsadida samarali davlat muassasalari barpo etishga qaratilgan. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi esa fuqarolik jamiyati rivojlanishi, iqtisodiy taraqqiyot, ta’lim, sud tizimini yaxshilash kabi 7 yo‘nalishni qamrab oladi. Shu ma’noda “Nigoh-2030” va Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi o‘rtasida ko‘plab umumiyliklar bor. Mamlakatlarimiz aholisi birgalikda 70 milliondan oshdi. Shu nuqtai nazardan ikki davlat rahbarlari ko‘rsatmalari, o‘zaro e’tiborlari asosida xalqlarimiz farovonligini oshirish maqsadiga yo‘naltirilgan aloqalar mustahkamlanayotgani, rivojlanayotgani quvonarli. Mushtarak manfaatlar yo‘lida qator sohalar bo‘yicha sheriklik darajasi yuksalayotganini alohida qayd etgan bo‘lardim. Jumladan, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ma’rifat, ta’lim va boshqa sohalarda muzokaralar o‘tkazilmoqda. Bularning bari ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqani kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan foydalanishga qaratilgan istakni aks ettiradi.

– Iqtisodiy hamkorlik, ayniqsa, energetika va neft-kimyo sohalaridagi sheriklikni kengaytirish yo‘lida samarali ishlar qilinmoqda. Bugungi kunda “ACWA Power” kompaniyasi bilan jami 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalari amalga oshirilmoqda. Kimyo tarmog‘ida “SABIC” kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Bu boradagi sa’y-harakatlar qay darajada o‘zini oqlayapti? Kutilgan dastlabki natijalar haqida gapirsak bo‘ladimi?

– Albatta, xususiy sektor investitsiya va iqtisodiy sohalarda aloqani mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. O‘zbekistonda ko‘plab Saudiya investorlari faoliyat yuritmoqda. Shulardan eng yirigi “ACWA Power” shirkatining yurtingizdagi sarmoyasi miqdori 7,5 milliard dollarga yetdi. Korxonaning kelajak rejalari bisyor.

– Suhbatimiz davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga tarixiy davlat tashrifini ham esga olsak, degandim. Mana, oradan bir yil o‘tdi. Oliy darajadagi muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar qay darajada hayotga tatbiq etilmoqda? Yodingizda bo‘lsa, Prezidentimiz “Bugungi tarixiy uchrashuvimiz hamkorligimizni amaliy natijalar bilan boyitish, biznes aloqalari uchun “kuchli signal” bo‘lishiga aminman”, degandi. Ushbu “signal”ning samarasi haqida nima deya olasiz?

– Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 17-18 avgustda Podshohlikka amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki yoqlama aloqa rivojlanishi va mustahkamlanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Tashrif mobaynida Janobi олийлари Valiahd shahzoda, Vazirlar Mahkamasi raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud Hazrati Oliylari bilan uchrashdi.

Muloqot davomida ikki qardosh mamlakat do‘stligini turli sohalarda rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi. Yakunda ko‘plab hujjatlar imzolandi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish, bir-birlarini muntazam qo‘llab-quvvatlashga kelishildi. Podshohlik Riyozda “Ekspo-2030” o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi. Ўзбекистон tomoni Saudiya Arabistoni Podshohligining “Yashil Saudiya” va “Yashil Yaqin Sharq” tashabbuslarini ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiyaga bu galgi tashrifidan, ikki tomonlama muzokaralardan qanday natijalar kutilyapti?

– O‘zbekiston rahbari bu gal Podshohlikka tashrif doirasida Ko‘rfaz – Markaziy Osiyo mamlakatlari sammitida ishtirok etadi. Mazkur strategik muloqot Ko‘rfazdagi arab mamlakatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari o‘rtasidagi hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va savdo sohalaridagi mushtarak taraqqiyotni ta’minlash uchun muhim ahamiyat kasb etishini anglash, mavjud aloqalarni barcha sohalarda yanada kengaytirish istagiga asoslanadi.

Muloqotning “strategik” xususiyati ishtirokchi davlatlar rahbarlari qarashini ham aks ettiradi. Yetakchilar yana bir mushtarak platforma yaratish ahamiyatini idrok etadilar. Mazkur jarayon turli sohada har bir davlatning o‘ziga xos xususiyatidan foydalanish imkoniyatini kengaytirishni ko‘zda tutadi.

Prezidentning Vazirlar Mahkamasi raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud bilan uchrashuvida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, 2022 yil avgustdagi tashrif davomida imzolangan hujjatlar ijrosi yuzasidan fikr almashiladi.

– So‘nggi savolimiz an’anaviy: yaqin kelajakdagi rejalar, ikki do‘st, birodar xalq o‘rtasidagi mushtarak aloqalar istiqboliga qisqacha to‘xtalsangiz.

 Har ikki tomon turli darajadagi tashriflar chog‘ida imzolangan kelishuvlar bajarilishini kuzatib boryapti. Shuningdek, qator sohalarda yangi bitimlar imzolash bo‘yicha muntazam muzokaralar o‘tkazilyapti, aloqani rivojlantirishga turtki berish maqsadida mas’ullar o‘rtasidagi munosabatda izchillikni ta’minlashga harakat qilyapmiz.

Hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyati o‘zaro aloqalar rivojida beqiyos o‘rin tutadi. Mazkur komissiyaga Saudiya tomonidan investitsiyalar vaziri Xolid bin Abdulaziz al-Falih, O‘zbekiston tomonidan investitsiya, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov rahbarlik qilmoqda. Yodimizda, so‘nggi davra 2022 yil martda o‘tkazilgan edi. Hozir hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 6-davrasini joriy yil oxirgi chorakda o‘tkazish ustida ish olib borilyapti.

Saudiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi faolligini ham ta’kidlash joiz. Shu o‘rinda hukumatlararo qo‘shma komissiya va ishbilarmonlar kengashi davlat hamda xususiy sektorga duch kelayotgan muammolarni hal etish, qiyinchiliklarni yengib o‘tishda ko‘makchi bo‘layotgani e’tirofga loyiq. Rahbarlarimiz qo‘llab-quvvatlovi tufayli kelgusida qardosh xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan sarmoyaviy loyihalar yanada ko‘payadi, degan umiddamiz.

So‘zim oxirida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligi ostida 2016 yil dekabrdan buyon amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli islohotlarni yana bir bor e’tirof qilmoqchi edim. Janobi олийлари Podshohlik bilan aloqani rivojlantirish maqsadida juda faol ishlayotgani ayon. Qisqasi, mamlakatlarimiz hamkorligini mustahkamlash yo‘lida keyingi ikki yil ichida qilingan ishlar avvalgi 20 yildagidan salmoqli.

– Hurmatli, Yusuf al-Utaybiy elchi janoblari, Prezident tashrifi oldidan qiziqarli va muhim ma’lumotlarni taqdim etganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. 

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev suhbatlashdi.