Jismoniy shaxslarga ularning iste’mol ehtiyojlarini qondirish maqsadida tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olish uchun beriladigan mablag‘ iste’mol krediti hisoblanadi.

Ayni shu jarayonning huquqiy asosini belgilab bergan “Iste’mol krediti to‘g‘risida” gi qonunga muvofiq, 2006 yildan boshlab o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda xizmat ko‘rsatuvchi banklar va mikroqarz beruvchi moliyaviy institutlar soni oshib, bu boradagi xizmatlar ko‘lami kengaydi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi uch yilda aholiga milliy valyutada ajratilgan kreditlarda maqsadi belgilanmagan kreditlar toifasiga kiruvchi mikroqarz 2020 yilda 5,8 trillion so‘mni, 2021 yilda esa qariyb 1,7 barobarga o‘sib, 9,9 trillion so‘mni tashkil etgan. O‘tgan yili bu raqam 21,6 trillion so‘mga yetib, oldingi yilga nisbatan – 2,2 barobarga oshgan. Ushbu tahlillar aholi tomonidan iste’mol tovarlari va xizmatlariga bo‘lgan talabning yildan yilga ortib borayotganidan, mikroqarzlar hajmining kelgusida ham ko‘payishidan dalolat beradi.

Zero, texnologiyalar taraqqiy topgan hozirgi zamon aholidan munosib turmush kechirish, ta’lim olish, mehnat qilish chog‘ida turli maishiy texnikalardan foydalanishni taqozo qilmoqda. Mazkur maishiy texnikalarni esa har kim ham o‘z daromadi evaziga sotib olish imkoniyatiga ega emas.

Masalan, yuqorida nomi tilga olingan qonunga asosan, hozir iste’mol krediti faqat mahalliy avtomobillar va maishiy texnika uchun berilar edi.

Bugungi islohotlar doirasida esa aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarga zarur sharoitlar yaratish, shuningdek, tovarlar va xizmatlarni sotib olishda kredit jalb qilish imkoniyatini kengaytirish masalasiga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan, ya’ni import tovarlar va xizmatlarga iste’mol krediti ajratilishida cheklovlar mavjudligi inobatga olinib, moliyaviy iste’mol kreditidan foydalanish mexanizmi qaytadan ko‘rib chiqildi va “Iste’mol krediti to‘g‘risida” gi qonunning 15-moddasiga o‘zgartirish kiritildi.

Yaqinda Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida ma’qullangan mazkur qonunda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun moliyaviy iste’mol kreditlarni taqdim etish normasi amaldagi qonundan chiqarilib, bunday kreditni import tovarlar va xizmatlar uchun ham berish ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar, shuningdek, O‘zbekistonga tashqaridan keltirilgan tovarlar uchun moliyaviy iste’mol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Misol uchun, iPhone telefoni xorijda ishlab chiqarilgan. Banklar uni sotib olish uchun kredit bermaydi. Chunki, amaldagi qonunga muvofiq bunday kredit faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmat uchun taqdim etiladi. Bankdan faqat istalgan maqsadlar uchun beriladigan mikroqarz olish mumkin. Bunday mikroqarz foizi iste’mol krediti foizidan ancha baland bo‘ladi. Amaldagi qonunga o‘zgartirish kuchga kirsa, xorijiy maishiy texnika, telefon, mebel, shunga o‘xshash tovar va xizmatlar uchun ham iste’mol krediti olsa bo‘ladi. Shuningdek, iste’molchi moliyaviy iste’mol krediti olish to‘g‘risida iste’mol tovarlarini ishlab chiqaruvchi korxona yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma shaklda xabardor qilish tartibi bekor qilinmoqda.

Shuning uchun ham ushbu norma birinchidan, iste’mol kreditlarini rasmiylashtirishni yengillashtiradi, sog‘lom raqobat muhiti yaratilishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan iste’molchilar uchun sifatli mahsulot ishlab chiqarilishini hamda talab darajasidagi servis va xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

Ikkinchidan, global bozorlarda o‘sayotgan raqobat sharoitida mamlakat ishlab chiqaruvchilarini erkin bozor tamoyillari asosida faoliyat yuritishi uchun munosib zamin yaratishga, qo‘shimcha qiymat zanjiri tamoyili bo‘yicha yangi g‘oyalar va texnologiyalarni tatbiq etishga xizmat qiladi. Iste’mol krediti hisobiga tadbirkorlarning xorijda ishlab chiqarilgan ayrim asbob-uskuna va dastgohlarni sotib olish sharoiti kengayadi. Shu bilan birga, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar barcha ishlab chiqaruvchilarga o‘z tovar va xizmatlarini iste’mol krediti evaziga sotishi mumkinligi yosh tadbirkorlikning o‘sishiga ijobiy ta’sir qiladi.

Uchinchidan arzon va sifatli tovar ishlab chiqarilishi, servis va xizmatlar ko‘rsatilishi natijasida aholining moliyaviy resurslari tejalishiga olib keladi, bu esa iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida talabni vujudga keltiradi va qo‘shimcha investitsiya muhitini shakllantiradi.

Qobul Tursunov,

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy

islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari