Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan gepatit S ga qarshi «Daclatasvir-60 mg» dori vositasining o‘ninchi partiyasini Sharm-esh-Sheyxdan Toshkentga yetkazib berdi.

Mazkur insonparvarlik yordami Prezidentimizning shu yil 20-21 fevral kunlari Misrga  rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar hamda «Gepatit S kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolash bo‘yicha» saylovoldi tashabbusining ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Umumiy hajmi 3 ming donadan ortiq «Daclatasvir-60 mg» preparatlari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.

Qayd etish joizki, Misr gepatit V va S viruslariga qarshi kurashish borasida dunyo bo‘yicha katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Ayni paytda mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lgani e’tirof etiladi.

N.Elibekova, O‘zA