Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi Ibrayim Yusupov nomidagi ijod maktabida 2023-2024 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Mutaxassislarning ta’kidlaicha, joriy o‘quv yili uchun ijod maktabining 7-8-9 sinflariga 47 nafar o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, jami 374 nafar o‘quvchi hujjat topshirgan. Ayni kunda o‘quvchilardan ijodiy matn yaratish bo‘yicha imtihonlar qabul qilinmoqda. Shuningdek 13-14 iyul kunlari ijodiy suhbat, 17-22 iyul kunlari test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
– Ijodiy imtihonlarda o‘quvchilar hakamlar hay’ati tomonidan berilgan animatsion rasmlarning mazmun-mohiyatini to‘liq ochib berishi, tasvirlarga o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirishi, dunyoqarashini namoyish etishlari talab qilinadi, – deydi ijod maktabi direktori Ruslan Tashimov.–Ularning orasidan kelajakda o‘zbek va qoraqalpoq tillarini jahonga tanitadigan, el-yurti e’zozlaydigan, taniqli adiblar yetishib chiqishiga ishonamiz. Imtihonlar adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilmoqda. Buni farzandlarining imtihon topshirish jarayonlarini onlayn kuzatib borayotgan ota-onalar ham his qilmoqda.
– Ijodiy imtihonni topshirib chiqdim, – deydi o‘quvchilardan biri Qo‘ng‘irot tumanidan Rinat Jaqsilikov. – Bizlarga kitobxonlik mavzusidagi yozma ishi bo‘yicha topshiriq berildi. O‘zim o‘qigan kitoblarim, ularning bilim saviyamizni, dunyoqarashimizni yuksaltirishdagi ahamiyati, kelajakdagi rejalarim to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarimni yozdim. Ota-onamning, ustozlarimning ishonchini oqlashga harakat qilaman.
Maktabda ijodiy imtihonlar davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA