Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi Qizil-o‘rda viloyatining Janaqo‘rg‘on tumanida 77 yoshli, Shiyeli tumanida 51 yoshli fuqarolar og‘ir holatda Qrim-Kongo gemorragik isitma (QKGI) kasalligi belgilari bilan shifoxonaga olib kelingan. Bemorlar ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, reanimatsiya bo‘limida vafot etgan.

Mazkur viloyatda yil boshidan buyon qana chaqishi bilan 600 nafar fuqaro tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Shundan 23 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Shifoxonaga yotqizilgan bemorlarning 8 nafarida Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi tasdiqlangan.  Hozirgi kunda tabiiy o‘choqli hududlarda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi bo‘g‘im oyoqlilarga (kana, burga, pashsha va h.k) qarshi epidemiyaga qarshi tadbirlar olib borilmoqda.

Bu qanday kasallik va qayerdan kelib chiqadi?  

O‘rta Osiyoda qadimdan ma’lum bu kasallikda bemorning ishtahasi yo‘qolishi, darmoni qurib, ko‘ngil aynishi kuzatiladi. Qrim-Kongo gemorragik isitmasi tabiiy sharoitda transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Kasallik odamlarga kana chaqishi oqibatida yuqadi. QKGI kasalligi sporadik tarzda tarqaladi.

O‘zbekistonda Qrim-Kongo gemorragik isitmasining tarqalishini oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?  

O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan, respublika hududiga karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni chet davlatlardan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bugungi kunda mamlakatimiz hududlarida kasalliklarning chetdan kirib kelishini oldini olish maqsadida davlat chegaralari kesishish joylarida, halqaro aeroportlarda, temir yo‘l vokzallarida va Termiz daryo portida tashkil etilgan 51 ta sanitariya – karantin punktlari (SKP) faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining tavsiyasiga ko‘ra, joriy yilning aprel-may oylarida barcha ma’muriy hududlarda epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining (EQKFK) navbatdagi yig‘ilishlari o‘tkazildi. Bunda, QKGI kasalligiga qarshi amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama etilib, Sanepidqo‘mitaning hududiy boshqarmalari va veterinariya xizmatlari hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda chora-tadbirlar belgilab olindi.

QKGI qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan kanalar mavjud hududlarni aniqlash va kanalarda zararlanish darajasini o‘rganish maqsadida veterinariya xizmati bilan hamkorlikda tabiiy o‘choqli hududlardan 1 000 donadan kana yig‘ib olinib, Virusologiya ITI laboratoriyasida tahlildan o‘tkazilib, QKGI kasalligining kelgusi yil uchun bashorati ma’muriy hududlar kesimida tayyorlandi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA