Bugun O‘zbekistonda yoshlar siyosati, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Davlat organlari xalq uchun, har bir fuqaro uchun ochilib, faol muloqot olib borayotir.

Bu borada xalq bilan muloqotning mutlaqo yangi tizimi yaratilganini ta’kidlash lozim. Xususan, Prezidentning virtual va Xalq qabulxonalari ochildi. Natijada xalqimiz yillar davomida yig‘ilgan muammolarini ochiq-oshkora ayta olish imkoniga ega bo‘ldi.

Jumladan, aholiga xizmat ko‘rsatish sohasi tubdan isloh qilindi. Fuqarolar bandligini ta’minlash borasida izchil harakatlar davom etmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish siyosati har bir tashkilot, muassasa va idoralarga tinchlik bermayapti. Ertani o‘ylab bugun amalga oshirilayotgan samarali ishlar natijasi e’tiborga molik. Aholi bilan ishlash tartibi, ularga taqdim etilgan imkoniyatlar haqida nimalar deyish mumkin?

Kambag‘allikni qisqartirish sohasi

2020 yildan boshlab kambag‘allik bilan kurashish milliy mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirildi. Bu borada tadbirkorlik, ijtimoiy himoya, kasbiy ta’lim va ehtiyojmand aholi bilan yangicha ishlash yo‘lga qo‘yildi.

2021 yilda 9,5 mingta mahallada hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari ish boshladi. Birgina hokim yordamchilari tomonidan o‘tgan yil 1,6 million nafar aholi bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, ilk bor milliy kambag‘allik chegarasi belgilanib, ijtimoiy nafaqa va pensiyalar miqdori minimal iste’mol xarajatlari darajasiga yetkazildi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qo‘shimcha 350 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Natijada 2022 yil kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14,1 foizga tushgan.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2022 yil 98 ming ehtiyojmand oilaga 6 ming tonna bepul un hamda 11,1 milliard so‘m naqd pul mablag‘lari tarqatilgan. Shuningdek, 264,7 ming ehtiyojmand, shundan 7,8 ming “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga takroriy ekin uchun 88,5 ming gektar ekin yer maydonlari ajratildi.

Bandlik sohasi

2020 yil 20 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Shuningdek, “Mehnat kodeksi” yangi tahriri ishlab chiqildi.

Qayd etish kerak, aholiga bandlik xizmatlari ko‘rsatish “Yagona oyna” tamoyili asosida sifat va natijadorligi yuqori darajaga oshirilib, 2017 yilda 274 ming aholiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirga kelib yiliga 1 million fuqaroga bandlik xizmatlari ko‘rsatilyapti.

Shuningdek, O‘rta Osiyo davlatlarida birinchilardan bo‘lib, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida mehnat shartnomalari tuzish, elektron mehnat daftarchasi yuritish bo‘yicha “Yagona milliy mehnat tizimi” ishga tushirildi.

Ishsiz aholi, jumladan, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb, tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yildi. 52 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari, 555 ta kasb-hunarga o‘qitish maskanlari, 28 ta ishga marhamat “Monomarkaz”lari faoliyat yuritmoqda.

Quvonarli holat shundaki, mamlakatimizda “World Skills International” xalqaro assotsiatsiyasi tavsiyalari asosida o‘qish yo‘lga qo‘yilib, dunyo hamjamiyati tan olgan sertifikat berish joriy etildi. O‘qitish sifati va o‘qituvchilar malakasini oshirish maqsadida Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Koreya davlatlaridan 62 nafar mutaxassis ham jalb qilingan.

2019 yil mehnat bozorida bandlikni ta’minlashning yangi instrumentlari joriy etilib, bugungi kunda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning oila a’zolari bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 30 turdagi subsidiyalar ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

2017-2022 yillarda Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat sohasiga oid 8 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilingani esa nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda soha rivoji, inson kapitalini oshirishga bo‘lgan qadam sifatida e’tirof etilmoqda. XMT tomonidan diyorimizda paxta yig‘im terimida bolalar mehnatiga barham berilgani tan olindi.

O‘tgan yil “Cotton Campaign” xalqaro tashkiloti tomonidan O‘zbekiston paxtasiga nisbatan joriy etilgan boykot bekor qilindi. Demak, mazkur tizim orqali 2016-2022 yillarda minglab odamlar ishli bo‘ldi. O‘tgan 7 yil mobaynida jami 1,6 million nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi hamda ularning ish haqi to‘lovi uchun Jamoat ishlari jamg‘armasidan 1,6 trillion so‘m moliyalashtirib berildi.

Ishsizlik nafaqasini tayinlashda bazaviy hisoblash miqdori o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan hisoblanishi belgilandi. Shu o‘rinda ishsizlik nafaqasi miqdori ham oshdi.

Respublikada xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy etilishi natijasida 2016 yilda 3,2 ming 2022yilda 35 ming xorijiy davlatlarda ishlashni xohlovchilar tashkiliy ishga yuborildi.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlik sohasi

2022 yil 1 yanvardan boshlab har bir mahallada “Hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va shu orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan.

Bugungi kunda respublikadagi 9,4 mingdan ziyod mahallada iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi tashkilotlarda rahbar lavozimida ishlab kelgan iqtisodchilar hokim yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatyapti.

“Onlayn mahalla” platformasi ishga tushirildi. 6,9 million xonadon xatlovdan o‘tkazilib, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga ko‘ra, 4 ta toifaga ajratildi.

Bundan tashqari, hokim yordamchilari tomonidan “mahallabay” mikroloyihalarning 49 mingtasi ishga tushirilib, 239 ming ishsiz aholi daromadli mehnat bilan bandligiga erishildi. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning 425 ming loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashildi, 500 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishga erishildi.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob uskunalari olib berish bo‘yicha 75 ming nafar ishsiz fuqaroga 263 milliard so‘mlik subsidiya ajratildi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza sohasi

2022 yil 1 avgustdan Toshkent shahrida, 2023 yildan respublikaning barcha hududlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning yangi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi joriy etildi.

Bunda davolash-profilaktika muassasalarining operator-hamshiralari tomonidan yo‘llanmalarni, kasallik tarixidan ko‘chirmalarni, ambulator kartalarni, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hamda kasb kasalligini belgilash uchun asos bo‘ladigan xulosadan ko‘chirmalar axborot tizimiga elektron tarzda kiritib borilmoqda.

Mahalla institutini rivojlantirish sohasi

Mahalla – aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylandi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasini hayotga tatbiq etishda eng muhim tashkiliy-institutsional bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevralda qabul qilingan “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mahalliy ahamiyatga molik masalalarni samarali hal qilishdagi rolini oshirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Xulosa shuki, yangi O‘zbekistonda aholi manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi oqilona siyosat e’tiborga molik. Inson qadri – ulug‘, u ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotidan rozi va mamnun bo‘lib yashashi kerak, degan ezgu g‘oya ijobatiga barchamiz guvoh bo‘lyapmiz.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.